Trampning «Tinchlik kengashi»ga To‘qayev rasman taklif etildi

AQSH prezidenti Donald Tramp o‘z tashabbusi bilan shakllantirilayotgan yangi xalqaro tuzilma — «Tinchlik kengashi» (Board of Peace)ga Qozog‘iston va prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevni taklif qildi. Bu haqda Qozog‘iston prezidentining yordamchisi va matbuot kotibi Ruslan Jeldibay ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, To‘qayev jahon yetakchilari orasida ilklardan bo‘lib ushbu kengashga a’zo bo‘lish bo‘yicha rasmiy taklif olgan. Shuningdek, Qozog‘iston ta’sischi davlatlardan biri sifatida ko‘rilayotgani ta’kidlangan. Javob tariqasida Qozog‘iston rahbari AQSH prezidentiga samimiy minnatdorlik bildirib, yangi uyushma tarkibiga kirishga rozilik bildirilgan maktub yo‘llagan.
Manbalarda keltirilishicha, kengashga Trampning o‘zi raislik qiladi, a’zolikka kimlar taklif etilishi ham asosan uning ixtiyorida bo‘ladi. Taklif etilgan davlatlar uch yilgacha a’zo bo‘lib turishi mumkin. Biroq muhim shart ham bor: agar davlat birinchi yil ichida kengash jamg‘armasiga 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ kiritsa, unga doimiy a’zolik kafolatlanadi.
Qizig‘i, kengashga kirish rasman bepul deb ko‘rsatilgan. Ammo katta moliyaviy hissa qo‘shgan davlatlar amalda cheklovlarsiz, uzoq muddatli — ya’ni doimiy maqomga ega bo‘lishi aytilmoqda. Yig‘iladigan mablag‘lar esa asosan G‘azo sektori infratuzilmasini tiklashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Manbada qayd etilishicha, sarf-xarajatlar bo‘yicha nazorat qattiq bo‘ladi va “deyarli har bir dollar” maqsadli ishlatilishi kuzatib boriladi.
Ustavga muvofiq, kengash qarorlari «bir davlat — bir ovoz» tamoyili asosida qabul qilinadi. Lekin barcha qarorlarning yakuniy tasdig‘i rais tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Ya’ni, ovoz berish bor, ammo “oxirgi nuqta”ni baribir rais qo‘yadi — shu nuqta kengashning eng ko‘p muhokama qilinadigan mexanizmiga aylanishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, Tramp G‘azo bo‘yicha tinchlik kengashini ta’sis etish maqsadida bir qator davlat rahbarlariga taklif yuborgan. Argentina, Vengriya, Turkiya, Pokiston, Misr, Iordaniya, Qatar va Italiya taklif olganini tasdiqlagan va uni qabul qilishga rozilik bildirgan. Shuningdek, Fransiya, Germaniya va BAA yetakchilariga ham taklif yuborilgani aytilmoqda, ammo hozircha ulardan rasmiy tasdiq kelmagan.
Qisqasi, yangi tuzilma katta maqsadlar va katta mablag‘lar bilan boshlanyapti. Endi eng asosiy savol — bu format haqiqatan ham tinchlikka xizmat qiladimi yoki “nomiga tinchlik”, amalda esa geosiyosiy tortishuvlar maydoniga aylanadimi. Vaqt hammasini joy-joyiga qo‘yadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!