Bog‘chada bolani tok urishi ortidan mansabdorlar javobgarlikka tortilishi mumkin

Farg‘ona shahridagi 66-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolani yuqori kuchlanishli elektr toki urishi ortidan bir qator mansabdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berilishi kutilmoqda.
Hodisa 2026 yil fevral oyida sodir bo‘lgan. Jinoyat ishi doirasida sud tarbiyachi, "Faxr" korxonasi ish yurituvchisi hamda elektr ta’minoti korxonasi elektromontyorini o‘z xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaganlikda aybli deb topgan. Ularga tegishli jazolar tayinlangan. Shuningdek, jabrlangan bolaning qonuniy vakiliga 45 mln so‘m miqdorida ma’naviy zarar undirish belgilangan.
Bolaning otasi sud hukmidan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati kiritgan. U hodisaga aloqador deb hisoblagan boshqa mas’ul shaxslar ham javobgarlikka tortilishi kerakligini bildirgan.
Apellyatsiya instansiyasi bog‘cha rahbari, "Faxr" korxonasi rahbari hamda elektr ta’minoti korxonasi mansabdorlarining harakatlariga huquqiy baho berish uchun tegishli materiallarni prokuraturaga yuborgan.
Endilikda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi ko‘rib chiqiladi. Ayni paytda bolaning otasi taftish tartibida ham shikoyat kiritgan.































Izohlar 0
…