Italiya Trampdan Tinchlik kengashi formatini qayta ko‘rib chiqishni so‘radi

Italiya bosh vaziri Jorja Meloni AQSh prezidenti Donald Trampga yaqinda tuzilgan Tinchlik kengashining tuzilmasini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi. Ushbu xalqaro tuzilma G‘azo sektori kelajagini ta’minlashga qaratilgani aytilmoqda. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
24 yanvar kuni Rimda Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida tomonlar Kengashning hozirgi boshqaruv modeli ularning mamlakatlari konstitutsion me’yorlariga zid kelishini ta’kidladi. Rim va Berlin uchun asosiy to‘siq — Kengash ustavining Yevropa qonunchiligi bilan “konstitutsion nomutanosibligi”.
Meloni va Mers fikricha, amaldagi qaror qabul qilish mexanizmi milliy suverenitetning tashqi organ foydasiga topshirilishini nazarda tutadi. Ular buni konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritmasdan turib qabul qilib bo‘lmasligini aytib, tuzilmani yanada inklyuziv qilish va barcha ishtirokchilar uchun real tenglikni ta’minlaydigan yo‘nalishda isloh etishni talab qildi.
Huquqiy kelishmovchiliklarga qaramay, Meloni Yevropa Ittifoqidagi hamkasblarini Vashington bilan qarama-qarshilikdan tiyilishga chaqirdi. Uning “konstruktiv pragmatizm” deb atalgan yondashuvi Oq uy bilan muloqotni saqlab qolish hamda Yevropaning yangi global tartibni shakllantirish jarayonlaridan chetda qolib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikni ko‘zlaydi.
Italiya pozitsiyasini Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen ham qo‘llab-quvvatlab, Tramp ma’muriyati bilan munosabatlarda qat’iy, ammo keskinlikni kuchaytirmaydigan yo‘l tutish zarurligini bildirdi.
Tinchlik kengashi 22 yanvar kuni Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi doirasida rasman ta’sis etilgan. AQSh OAVlari uni BMTga ehtimoliy muqobil sifatida tilga olayotgan ushbu tuzilma 19 davlat yetakchilari va vakillari ustavni imzolaganidan so‘ng xalqaro tashkilot maqomini oldi.
Ta’sischi davlatlar qatoridan O‘zbekiston ham o‘rin oldi. Prezident maslahatchisi Abdulaziz Kamilov bu qaror milliy manfaatlardan kelib chiqqani va G‘azodagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishga ko‘maklashish istagi bilan izohlanganini ma’lum qildi.