date

Firibgarlar Adrianoning onasini SI bilan aldab, pullarga chuv tushirdi

Firibgarlar Adrianoning onasini SI bilan aldab, pullarga chuv tushirdi

Braziliya terma jamoasi va “Inter” klubining sobiq porloq yulduzi Adriano atrofida kutilmagan, biroq juda xavotirli hodisa yuz berdi. Bu safar maydondagi raqib emas, zamonaviy texnologiyalardan foydalangan firibgarlar futbolchining oilasini nishonga oldi.

Ma’lum bo‘lishicha, noma’lum shaxs sun’iy intellekt yordamida Adrianoning ovozi va tashqi ko‘rinishini ishonarli tarzda soxtalashtirgan. Shu yo‘l bilan u futbolchining onasini ishontirib, 15 ming real (taxminan 2400 yevro) miqdoridagi mablag‘ni o‘tkazib berishga ko‘ndirgan. Ya’ni, odamni qo‘rqitib yoki “qo‘pol bosim” bilan emas — aynan ishonchni o‘g‘irlab, oila hissiyotiga tegib ish ko‘rilgan.

Bu voqeadan qattiq g‘azablangan “Imperator” ijtimoiy tarmoqlarda keskin chiqish qildi. U videomurojaatida firibgarga ochiqdan ochiq ogohlantirish yo‘llab, shunday dedi:

“Bu ablah pullarni qaytargani yaxshi. Seni topaman! Onalar, buvilar va oila a’zolariga tegmanglar”.

Adrianoning so‘zlaridan ko‘rinib turibdiki, gap pulda emas — gap oila, ayniqsa ona haqida ketganda, har qanday insonda g‘urur ham, alam ham qaynaydi. Shunga qaramay, ko‘p o‘tmay sobiq hujumchi vaziyatni sal xotirjamroq tarzda tushuntirib, ikkinchi videoni ham joyladi.

“Men bu gaplarni hissiyot ustida aytdim. Gap ona va oila haqida ketganda, odam xavotirga tusharkan. Bu sun’iy intellekt degan matoh ekan, hatto nima deb atalishini ham bilmayman. Bugun mening onam aldandi, ertaga sizning oilangiz bo‘lishi mumkin. Ehtiyot bo‘ling. Xudo u yigitni kechirsin”, — dedi Adriano.

Bu yerda eng og‘ir nuqta — firibgarlikning yangi shakli. Ilgari odamlar qo‘ng‘iroqda ovozni tanimasligi mumkin edi, hozir esa “ovoz ham, qiyofa ham” yasab berilayapti. Oddiy inson, ayniqsa katta yoshdagilar uchun bu narsa haqiqatan ham o‘ta ishonarli ko‘rinishi mumkin. Adriano ham shuni aytayapti: “Bugun mening onam, ertaga sizning oilangiz”.

Hodisa yuzasidan Adrianoning onasi politsiyaga ariza bergan. Mutaxassislar esa odamlarni zamonaviy texnologiyalar orqali qilinayotgan bunday aldovlardan hushyor bo‘lishga chaqirmoqda.

Xulosa bitta: bu “faqat mashhurlarga bo‘ladigan gap” emas. Sun’iy intellekt firibgarlarning qo‘lida o‘yinchoqqa aylansa, har bir oila xavf ostida qolishi mumkin. Shuning uchun ota-ona, buvi-buvalar bilan oldindan kelishib olish kerak: agar “shoshilinch pul” so‘ralsa — albatta qayta qo‘ng‘iroq qilish, yaqin odam bilan boshqa kanal orqali tasdiqlash va hech qachon hissiyotga berilib pul o‘tkazmaslik. Texnologiya tez, lekin hushyorlik undan ham tez bo‘lishi shart.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Firibgarlar Adrianoning onasini SI bilan aldab, pullarga chuv tushirdi