Yevrokomissiya TikTok dizaynini tanqid qildi: qaramlikka undashi aytildi

Yevropa komissiyasi TikTok’ning ayrim dizayn yechimlari foydalanuvchini “uzoq ushlab qolish”ga xizmat qilib, qaramlikka o‘xshash odatlarni kuchaytirishi mumkin, degan dastlabki xulosasini e’lon qildi. Komissiya pozitsiyasiga ko‘ra, bu holat platformalardan xavflarni oldindan baholash va kamaytirishni talab qiladigan qoidalarga zid bo‘lib chiqishi ehtimoldan xoli emas.
Komissiya ayniqsa bir nechta “mexanika”larga urg‘u bermoqda: cheksiz lenta (qayta-qayta aylantiraveradigan tasma), videolarning avtomatik qo‘yilishi, push-xabarnomalar hamda yuqori darajada shaxsiylashtirilgan tavsiyalar. Ularning fikricha, aynan shu narsalar odamni doim yangi kontentga “iliqtirib”, o‘zini to‘xtatishni qiyinlashtiradi — ayniqsa bolalar va o‘smirlarda.
Xenna Virkkunen ham bu masalada pozitsiyani qattiq aytgan: ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lanib qolish o‘sib kelayotgan ongga salbiy ta’sir qilishi mumkin, shuning uchun qoidalar qog‘ozda qolmasligi, amalda ishlashi kerak.
Endi nima bo‘ladi? Dastlabki xulosa — hali “yakuniy hukm” emas. Bryussel tomoni TikTok’ka javob berish, o‘z pozitsiyasini himoya qilish va ehtimol, xavfni kamaytirish bo‘yicha choralarni taklif qilish imkonini beradi. Lekin agar qoidalar buzilgani isbotlansa, kompaniyaga katta jarimalar tahdidi paydo bo‘ladi va eng muhimi — Komissiya platformadan aynan “asosiy dizayn”ni o‘zgartirishni talab qilishi mumkin: masalan, cheksiz aylantirishni bosqichma-bosqich cheklash, tanaffuslar mexanikasini kuchaytirish va shu kabi yechimlar.
Qisqasi, bu hikoya “kontent ko‘p” degani emas — “kontentni qanday beryapmiz?” degan savol endi katta siyosat darajasiga chiqdi. Va bu tendensiya keyingi yillarda faqat kuchayadi: platformalar uchun “foydalanuvchini ushlab qolish” emas, “foydalanuvchini asrash” ham KPIga aylanyapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!