Muhammad Saloh motamda: futbolchining bobosi hayotdan ko‘z yumgan

“Liverpul”ning eng taniqli hujumchisi Muhammad Saloh oilasida og‘ir yo‘qotish yuz berdi. Jurnalist Ismail Mahmud tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, futbolchining bobosi hayotdan ko‘z yumgan.
Hozircha qo‘shimcha tafsilotlar berilmagan. Shuning uchun Saloh yaqin kunlarda bobosining janozasida qatnashish uchun “Liverpul” qarorgohini vaqtincha tark etishi ehtimoli bor. Bunday paytda futbol emas, avvalo inson turishi tushunarli.
Ayni damda mersisaydliklar uchun taqvim ham “zich” kelyapti. Yakshanba kuni “Liverpul” o‘z maydonida “Manchester Siti”ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Endi esa Arne Slot shogirdlarini qisqa vaqt ichida yana ikki jiddiy bellashuv kutib turibdi: Premer-ligada “Sanderlend”ga qarshi bahs, Angliya kubogida esa “Brayton” bilan to‘qnashuv.
Ma’lumot uchun, 2025–2026 yilgi mavsumda 33 yoshli Saloh barcha musobaqalarda 25 ta o‘yinda maydonga tushib, 6 ta gol hamda 6 ta golli uzatma qayd etgan.
Hozir eng asosiysi — Muhammadga sabr. Jamoa ham, muxlislar ham bu holatni to‘g‘ri qabul qilishi kerak: ba’zan eng kuchli “kambek” — oilang yonida turish.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!