Tramp AQSH moliyaviy eʼtiborini mudofaaga qaratish kerakligini aytdi

AQSH prezidenti Donald Tramp federal hukumatning moliyaviy resurslari sog‘liqni saqlash sohasi va bolalar bog‘chalariga emas, balki davlat mudofaa tizimini kuchaytirishga yo‘naltirilishi kerakligini taʼkidladi. Uning fikriga ko‘ra, shu kabi ijtimoiy dasturlar bilan shtatlar rahbarlari shug‘ullanishi lozim. Bu haqda 2 aprel kuni CNN nashri xabar berdi.
Tramp bu fikrlarni 1 aprel kuni Pasxa bayrami munosabati bilan tashkil etilgan yopiq uchrashuv vaqtida bildirgan. Uning so‘zlari aks etgan videoyozuv avval Oq uyning rasmiy YouTube kanaliga joylangan, keyin olib tashlangan, ammo Business Insider nashri jurnalisti uni saqlab olgan.
Shu uchrashuvda prezident Maʼmuriy-byudjet boshqarmasi rahbari Rassel Vout bilan suhbatini eslab, bolalar bog‘chalariga pul ajratmaslik kerakligini va bu masala shtatlar vakolatida bo‘lishi lozimligini taʼkidlagan: «Biz – katta mamlakatmiz, 50 ta shtat bor, buning uchun boshqalar ham masʼul bo‘lishi kerak». Keyin u shunday qo‘shimcha qilgan: «Biz jang qilamiz. Biz bolalar bog‘chalari bilan shug‘ullana olmaymiz».
Trampning fikriga ko‘ra, bolalar bog‘chalari va sog‘liqni saqlash dasturlarini moliyalashtirish uchun shtatlar soliqlarni ko‘paytirishi mumkin. «Federal darajada buning iloji yo‘q, biz bir ish bilan shug‘ullanishimiz kerak: harbiy mudofaa bilan. Millatni himoya qilishimiz lozim», dedi u.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt 2 aprel kuni bildirishicha, Tramp o‘z nutqida «saylangan demokratik amaldorlar yo‘l qo‘ygan dasturlarda firibgarlikka chek qo‘yish va milliardlab dollarlarning ildizini quritish muhimligi» haqida ham gapirgan.
CNN taʼkidlashicha, Tramp asosan kim uchun kim to‘lashi kerakligi haqida fikr bildirgan bo‘lsa-da, shu so‘zlar Eron bilan urush bo‘yicha millatga murojaatidan bir necha soat oldin aytilgan edi. U o‘z murojaatida AQSH g‘alaba qozonishga yaqin ekanini taʼkidladi, ammo urush qachon tugashini aniq aytmadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!