Pokiston va Xitoy orqali Eron tinchlik yo‘lini tanladi

Jahon siyosiy arenasidagi keskinliklar avj olgan bir paytda, Pokistonning diplomatik harakatlari va Xitoyning so‘nggi daqiqadagi aralashuvi Eronni sulhga rozi qilishda muhim omil bo‘ldi. The New York Times manbalariga ko‘ra, Eron bu qadamni qo‘llab, mintaqadagi nizolarning kengayishini oldini olishga intildi.
Shu tariqa AQSH va Eron delegatsiyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar Pokiston poytaxti Islomobod shahrida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Trampning ultimatumi tugashi arafasida, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif AQSH prezidentiga murojaat qilib, dedlaynni ikki haftaga uzaytirish va Eron rahbariyatidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishni so‘radi. Har ikki tomon, AQSH va Eron, otashkesim bo‘yicha bayonotlarida Pokiston rahbariga minnatdorchilik bildirdi va bu kelishuv Livan uchun ham qo‘llanilishi taʼkidlandi.
Eronning Tasnim agentligi muzokaralar 10 apreldan boshlanishi, ikki hafta davomida suhbatlar olib borilishi, ammo muhokamalar davomida muddat tomonlar roziligi bilan uzaytirilishi mumkinligini xabar qildi. Axios nashri ham vitse-prezident Jey Di Vens AQSH delegatsiyasiga rahbarlik qilishi kutilayotganini yozdi.
Yaqin Sharqda urush avj olgan vaqtda Pokiston AQSH va Eron o‘rtasidagi asosiy vositachiga aylandi. Reuters maʼlumotiga ko‘ra, urushni to‘xtatish bo‘yicha ikki bosqichli reja tayyorlangan: avval otashni darhol to‘xtatish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish, keyin esa yakuniy kelishuvga erishish.
Bu xabarlar jahon neft bozorlariga ham taʼsir qildi. Brent nefti narxi bir barrel uchun 100 dollar chegarasidan tushib, 94,5 dollarga keldi. WTI nefti esa 19 foizga pasaydi. Kuzatuvchilar, agar Yaqin Sharqda tinchlik kelishuvi bo‘lmasa, may oyiga borib Brent narxi 150 dollarga yetishi mumkinligini prognoz qilmoqda.
Shu bilan birga, hozirgi narxlar hali ham urush boshlanishidan oldingi ko‘rsatkichlardan yuqori, masalan, 27 fevralda Brent bir barrel uchun 67,02 dollardan baholangan edi. Bu esa global iqtisodiy va energetik bozorlar uchun hozir ham ehtiyotkorlik va kuzatuv talab qilinishini ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!