Pokiston Saudiya Arabistoniga minglab askar va qiruvchi uchoqlar yubordi

Yaqin Sharq mintaqasida geosiyosiy vaziyat o‘ta qaltis va beqaror bo‘lib turgan bir paytda, ikki yirik musulmon davlati o‘rtasidagi harbiy hamkorlik yangi bosqichga chiqdi. Nufuzli Reuters axborot agentligining hukumat va xavfsizlik idoralaridagi ishonchli manbalariga tayanib xabar berishicha, Pokiston Saudiya Arabistoniga 8 ming nafar harbiy xizmatchidan iborat qo‘shin hamda zamonaviy qiruvchi uchoqlar eskadriliyasini safarbar etdi.
Butun dunyo diqqat markazida turgan AQSH hamda Isroilning Eronga qarshi qurolli to‘qnashuvlari fonida amalga oshirilgan ushbu qadam Riyoz podshohligining mudofaa qudratini va havo sarhadlari xavfsizligini keskin kuchaytirishga qaratilgan.
Xitoy texnologiyasi va Pokiston yadro shamsiyasi
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning aprel oyida Islomobod Saudiyaga Xitoy bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan 16 dona zamonaviy JF-17 Thunder qiruvchi samolyotlarini hamda ilg‘or uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) majmuasini yetkazib bergan. Shuningdek, Saudiya mudofaasini ta’minlash uchun Xitoyning mashhur HQ-9 havo hujumidan mudofaa tizimlari ham jo‘natilgan. Ushbu murakkab harbiy texnika va majmualarni Pokiston armiyasining maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan malakali mutaxassislari boshqarmoqda, amaliyotning barcha moliyaviy xarajatlari esa to‘liq Saudiya Arabistoni zimmasiga yuklangan.
Bunday keng qamrovli harbiy ko‘mak o‘zidan-o‘zi paydo bo‘lgani yo‘q. Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning sentyabr oyida Saudiya va Pokiston o‘rtasida mudofaa sohasida tarixiy va strategik shartnoma imzolangan edi. Riyozda Saudiya Valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif tomonidan muhrlangan ushbu hujjatga ko‘ra, tomonlardan biriga qilingan tajovuz — har ikki davlatga qilingan hujum sifatida qabul qilinadi.
Pokiston islom olamidagi yagona yadroviy qurolga ega davlat hisoblanadi. Xalqaro siyosiy tahlilchilarning fikricha, ushbu ittifoqchilik bitimi orqali Saudiya Arabistoni ham amalda Pokistonning «yadro quroli himoya soyaboni» ostiga olinganini anglatadi. Oq uyning Yaqin Sharqdagi eng yaqin sheriklaridan biri bo‘lgan Saudiyaning Vashingtonni chetlab o‘tib, Pokiston bilan bunday qat’iy shartnoma tuzishi, podshohlikning AQSH xavfsizlik kafolatlariga bo‘lgan ishonchi sezilarli darajada kamayganidan dalolat beradi.
Bitim uchun dastlabki jiddiy imtihon
Joriy yilning 28 fevral kuni AQSH va Isroil ittifoqchiligida Eron hududiga keng ko‘lamli harbiy zarbalar boshlanganidan so‘ng, Rasmiy Tehron ham Vashingtonning mintaqadagi yaqin hamkorlariga, xususan, Saudiya Arabistonidagi yirik harbiy va sanoat obyektlariga raketa hamda dronlar vositasida javob zarbalari yo‘lladi.
Mana shu mudhish to‘qnashuv Islomobod va Riyoz o‘rtasidagi harbiy pakt uchun haqiqiy sinov bo‘ldi. Pokiston tomonidan zudlik bilan ko‘p ming kishilik armiya va jangovar uchoqlarning Saudiyaga yuborilishi — Islomobod o‘z sherigiga bergan va’dasi ustidan to‘liq chiqqanini ko‘rsatadi.
Ikkinchi tomon fikri: Masalaga faqat geosiyosat prizmasidan qaramaslik kerak
Reuters axborot agentligining ushbu xabariga munosabat bildirgan Pokistonning nufuzli Pakistan Today nashri esa vaziyatga boshqacharoq yondashmoqda. Nashr manbalarining ta’kidlashicha, qo‘shinlarning Saudiyaga kiritilishini faqatgina bugungi urush va geosiyosiy inqirozlar bilan bog‘lash — ikki davlat munosabatlarining asl mohiyatini noto‘g‘ri talqin qilishdir. Ularning fikricha, bu kuchlarni joylashtirish amaliyoti avvaldan rejalashtirilgan bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar faqatgina harbiy manfaatlarga emas, balki asriy diniy, madaniy, siyosiy va mustahkam iqtisodiy rishtalarga tayanadi.
Ayni paytda Pokiston faqatgina harbiy tomon sifatida emas, balki AQSH/Isroil hamda Eron o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni to‘xtatish uchun faol vositachilik missiyasini ham bajarmoqda. Mintaqada tinchlik o‘rnatishga qaratilgan oliy darajadagi diplomatik muzokaralar ham aynan Islomobod mezbonligida o‘tmoqda.
Saudiya Arabistoni ham ushbu urushda rasman betaraf maqomni egallab turibdi. Biroq podshohlik tuproqlarida AQSHning yirik harbiy bazalari mavjudligi uning neytralligini savol ostiga qo‘ymoqda. Bundan tashqari, jahon matbuotining sizib chiqqan xabarlariga ko‘ra, Eronning zarbalariga javoban Saudiya Arabistoni joriy yilning mart oyida yashirin tarzda fors davlatiga qarshi aks-hujumlar uyushtirgan.
Yaqin Sharq uchun yangi «Helsinki modeli»
Kelajakka nazar tashlaydigan bo‘lsak, Saudiya Arabistoni ushbu global mojaro yakunlanganidan so‘ng, Yaqin Sharq davlatlari va Eron o‘rtasida o‘zaro tajovuz qilmaslik haqida umumiy tinchlik paktini tuzish g‘oyasini faol muhokama qilmoqda. Riyoz hukumati o‘tgan asrda, ya’ni «sovuq urush» davrida Yevropadagi kuchli siyosiy keskinlikni yumshatishga xizmat qilgan 1970-yillardagi mashhur Helsinki jarayonini Yaqin Sharq tinchligi uchun potensial va eng maqbul model sifatida ko‘rib chiqmoqda.
Sizningcha, Pokistonning Saudiyaga harbiy kuch yuborishi mintaqadagi urush olovini pasaytirishga xizmat qiladimi yoki vaziyatni yanada murakkablashtiradimi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!