date

Ukraina hujumlari ortidan Rossiyada generallar almashtirildi

Ukraina hujumlari ortidan Rossiyada generallar almashtirildi

Rossiya harbiy tizimida navbatdagi yirik kadrlar o‘zgarishi sodir bo‘ldi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin qaroriga ko‘ra, general-polkovnik Viktor Afzalov mamlakat havo-kosmik kuchlari qo‘mondoni lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Rossiya ommaviy axborot vositalari xabar tarqatdi.

Ma’lum qilinishicha, Afzalov 2023 yildan buyon ushbu lavozimda faoliyat yuritib kelayotgan edi. U bu vazifaga Sergey Surovikin o‘rniga tayinlangandi. Endi esa uning o‘rnini general-polkovnik Aleksandr Chayko egalladi.

RBK nashri manbalariga ko‘ra, Aleksandr Chayko avval harbiy-havo kuchlari bosh qo‘mondoni sifatida ishlab kelgan va Rossiya armiyasida katta tajribaga ega hisoblanadi.

54 yoshli general Moskva viloyatida tug‘ilgan. U Moskva oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtini tamomlagan bo‘lib, harbiy faoliyatini razvedka vzvodi komandiri sifatida boshlagan. Keyinchalik turli rahbarlik lavozimlarida ishlab, G‘arbiy harbiy okrugning 1-tank armiyasi qo‘mondoni darajasigacha ko‘tarilgan.

Shuningdek, Aleksandr Chayko 2001 yilda M.V. Frunze nomidagi Qurolli kuchlar umumqo‘shin akademiyasini, 2012 yilda esa Bosh shtab Harbiy akademiyasini tugatgan.

2019 yilda u quruqlik qo‘shinlari bosh qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari va Bosh shtab boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. O‘sha yili general Suriyaga xizmat safariga yuborilib, u yerda 2021 yil iyunigacha Rossiya harbiy guruhiga rahbarlik qilgan.

«Izvestiya» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Aleksandr Chayko 2020 yilda Rossiya Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.

Ayrim tahlilchilar va OAV vakillari fikricha, ushbu kadrlar almashinuvi Ukraina qurolli kuchlari tomonidan Rossiya hududidagi strategik obyektlarga amalga oshirilayotgan dron hujumlari faollashgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Xususan, so‘nggi oylarda Rossiyaning yoqilg‘i-energetika infratuzilmasi bir necha bor hujumga uchradi. Mart oyida Boltiqbo‘yi portlariga berilgan zarbalar neft yetkazib berish jarayonlariga ta’sir qilgani aytilmoqda.

Aprel oyida esa Rossiyadagi to‘qqizta neftni qayta ishlash zavodiga qarshi jami 20 ta hujum qayd etilgan. Manbalarga ko‘ra, ularning beshtasida ishlab chiqarish jarayonlari vaqtincha to‘xtab qolgan.

Ayniqsa, Tuapse shahridagi obyektlar bir necha marta zarba ostida qolgani, shuningdek, Perm hududidagi «Transneft» va «Permnefteorgsintez» korxonalariga ham hujum qilingani katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Hozircha Rossiya rasmiylari kadrlar o‘zgarishi aynan ushbu voqealar bilan bog‘liq ekani haqida rasman bayonot bermagan. Biroq tahlilchilar mamlakat harbiy tizimidagi bunday o‘zgarishlar ortida xavfsizlik va mudofaa sohasidagi bosim kuchaygani yotganini taxmin qilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina hujumlari ortidan Rossiyada generallar almashtirildi