Britaniyada dunyodagi eng tezkor mototsikl yaratildi: 320 km/soat tezlikka soniyalar ichida

Buyuk Britaniyada muhandislik olamini hayratga solgan noodatiy loyiha — Force of Nature deb nomlangan oʻta yuqori tezlanishga ega mototsikl taqdim etildi. 62 yoshli muhandis Grem Sayks (Graham Sykes) tomonidan oʻz xonadonida yaratilgan ushbu texnika dunyodagi eng tezkor ikki gʻildirakli transport vositasi degan nomga daʼvo qilmoqda. Uning oʻziga xosligi shundaki, mototsikl anʼanaviy yonilgʻi emas, balki oʻta qizdirilgan bugʻ energiyasi yordamida harakatlanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Sinov natijalariga koʻra, Force of Nature taxminan 201 metr (sakkizdan bir mil) masofani bor-yoʻgʻi 3,17 soniyada bosib oʻtishga muvaffaq boʻldi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, start vaqtida mototsikl 320 km/soatdan yuqori tezlikka erishadi. Dastlabki 18 metr masofani esa u atigi 0,72–0,81 soniyada bosib oʻtadi, bu koʻrsatkich professional drag-reysing poygalaridagi eng yuqori natijalar bilan bellasha oladi.
Bugʻli reaktiv dvigatelning ishlash prinsipi
Ushbu mototsiklning quvvat qurilmasi raketa dvigatellari prinsipiga asoslangan. Tizim ichidagi 120 litr hajmdagi suv 40 bar bosim ostida 250 °C darajagacha qizdiriladi. Start vaqtida bu suv maxsus de Laval soplolari orqali katta bosim bilan tashqariga otilib chiqadi. Natijada suv lahzalarda oʻta yuqori tezlikdagi bugʻ oqimiga aylanib, mototsiklni mislsiz kuch bilan oldinga itaradi.Konstruksiyaning eng murakkab jihati shundaki, unda tortish kuchini tartibga solish imkoniyati mavjud emas. Tizim "toʻliq gaz yoki hech narsa" rejimida ishlaydi. Start vaqtida haydovchi 6,8 g gacha boʻlgan oʻta yuqori yuklamani (peregruzka) boshidan kechiradi. Bunday bosim ostida uchuvchi mototsikldan uchib ketmaslik uchun unga bor kuchi bilan yopishib olishiga toʻgʻri keladi.
Muhandisning taʼkidlashicha, butun ishchi suyuqlik zaxirasi taxminan 2,9 soniya ichida sarflanib boʻladi va shundan soʻng tortish kuchi toʻxtaydi. Hozirda ishlab chiquvchilar ushbu faol fazani uzaytirish ustida ishlamoqda. Bu esa chorak mil (402 metr) masofada yanada yaxshiroq natijalarni qayd etish imkonini beradi.
Force of Nature loyihasi 2020-yildan buyon rivojlantirib kelinmoqda va hozirga qadar besh marta modernizatsiya qilindi. Garchi u xususiy ustaxonada yaratilgan boʻlsa-da, barcha jarayonlar jiddiy muhandislik dasturi asosida, doimiy hisob-kitoblar va sinovlar bilan amalga oshirilmoqda. Grem Sayksning soʻzlariga koʻra, uning ixtirosi tezlanish darajasi boʻyicha faqatgina professional poyga qurilmalaridan ortda qolishi mumkin, xolos.
Ushbu loyiha zamonaviy texnologiyalar va termodinamika qonunlarining uygʻunligi natijasidir. Britaniyalik muhandisning muvaffaqiyati hatto eng oddiy koʻringan suv bugʻi yordamida ham zamonaviy superkarlardan oʻzib ketadigan quvvat hosil qilish mumkinligini isbotladi.






























Izohlar 0
…