James Webb fazo teleskopi Orion tumanligida yulduzlar tugʻilishining toʻliq siklini suratga oldi

Koinot sirlarini oʻrganishda davom etayotgan James Webb kosmik teleskopi Yer yuzidan taxminan 1280 yorugʻlik yili uzoqlikda joylashgan Orion A majmuasining shimoliy qismidan hayratlanarli tasvirlarni uzatdi. Ushbu hudud fan olamida OMC-2 molekulyar buluti nomi bilan tanilgan boʻlib, u yulduzlarning paydo boʻlish jarayonini eng mayda detallarigacha oʻrganish imkonini beradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi olingan surat qariyb 150 yorugʻlik yili masofasiga teng boʻlgan ulkan hududni qamrab olgan. Unda yulduzlar evolyutsiyasining barcha bosqichlari — ilk gaz va chang toʻplamlaridan tortib, allaqachon shakllanib ulgurgan va oʻzidan mustaqil energiya taratayotgan yosh yulduzlargacha aks etgan. Bu astronomlar uchun koinotdagi "tugʻruqxona" jarayonlarini kuzatishda noyob imkoniyatdir.
Yulduzlararo chang ortidagi sirlar
Surat markazida akkretsiya disklari orqali faol ravishda modda yigʻayotgan protoyulduzlar (yulduz kurtaklari) joylashgan. Shuningdek, atrofdagi zich gaz qatlamlarini tarqatib yuborgan nisbatan yetuk obyektlarni ham koʻrish mumkin. Tasvirdagi turli ranglar gaz va chang bulutlarining harorati hamda tarkibi turlicha ekanligidan dalolat beradi.James Webb teleskopining Near Infrared Camera (NIRCam) infraqizil kamerasi yordamida olingan bu maʼlumotlar oddiy optik teleskoplar koʻra olmaydigan qatlamlarni ochib berdi. Infraqizil nurlar zich chang pardasini yorib oʻtib, uning ortida yashiringan jarayonlarni qayd etishga qodir. ixbt.com nashrining yozishicha, tasvirdagi koʻk va yashil tuslar gaz qatlamlarini, qizgʻish sohalar esa kuchli zarba toʻlqinlarini anglatadi.
Kosmik jetlar va zarba toʻlqinlari
Tasvirdagi eng diqqatga sazovor jihatlardan biri — yosh yulduzlarning qutblaridan otilib chiqayotgan ulkan gaz oqimlari yoki jetlardir. Ushbu oqimlar atrofdagi bulutlar bilan yuqori tezlikda toʻqnashib, moddaning qizgʻish rangda porlashiga sabab boʻladigan zarba toʻlqinlarini hosil qiladi.Aynan mana shu jetlar astronomlarga eng yosh va chuqur yashiringan obyektlarning joylashgan oʻrnini aniqlashga yordam beradi. Chunki bu obyektlarni boshqa hech qanday usul bilan koʻrib boʻlmaydi. Olimlarning taʼkidlashicha, OMC-2 hududi yosh yulduzlar chiqindilarining atrofdagi muhitga taʼsirini oʻrganish uchun oʻziga xos laboratoriya vazifasini oʻtaydi.
Tadqiqotchilar ushbu maʼlumotlar orqali protoplanetar disklarning kimyoviy tarkibi qanday shakllanishini va oʻsib borayotgan yulduzlar ona-bulutdan qanday qilib oziqlanishini tahlil qilishmoqda. Orion tumanligining astronomik oʻlchovlarga koʻra yaqin joylashgani, galaktikamizning boshqa chekkalarida chang ortiga berkingan jarayonlarni batafsil tadqiq etishga zamin yaratadi.






























Izohlar 0
…