Turkiyada kelin to‘yida uzilgan o‘q 11 kishini jarohatladi

Turkiyaning Denizli viloyatida o‘tkazilgan to‘y marosimi ko‘ngilsiz hodisa bilan yakunlandi. «Milliyet» nashrining xabar berishicha, bayramona havoga o‘q uzilishi oqibatida 11 nafar kishi jarohat olgan.
Hodisa 21 iyun kuni Chivril tumanining Kiralan mahallasida sodir bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, kelin uydan chiqayotgan vaqtda 15 yoshli o‘smir an’anaga ko‘ra miltiqdan havoga o‘q uzmoqchi bo‘lgan. Biroq sochma o‘qlar yerga tegib qaytgan va to‘y ishtirokchilarining 11 nafariga tan jarohati yetkazgan.
Jabrlanganlarning barchasi shifoxonaga yetkazilgan. Ulardan ikki nafari qo‘shimcha tekshiruv va davolanish uchun Denizli shahridagi tibbiyot muassasalariga yuborilgan. Shifokorlar ularning hayotiga xavf yo‘qligini ma’lum qilgan.
Hodisadan so‘ng o‘smir politsiya bo‘limiga olib ketilgan va voqea yuzasidan tergov hamda ma’muriy tekshiruv ishlari boshlangan.
Qayd etilishicha, to‘ylar, yigitlarni armiyaga kuzatish marosimlari va boshqa tantanalarda havoga o‘q uzish Turkiyaning ayrim hududlarida hanuzgacha keng tarqalgan an’ana bo‘lib qolmoqda. Afsuski, bunday holatlar har yili o‘nlab insonlarning jarohatlanishi va hatto halok bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.






























Izohlar 0
…