date

Kosmosda yerga eng yaqin qora tuynuk topildi

Kosmosda yerga eng yaqin qora tuynuk topildi

“Jeyms Uebb” (JWST) kosmik teleskopi o‘ta ulkan qora tuynukni aniqladi. Olimlar fikricha, ushbu kashfiyot Koinotning shakllanishi haqidagi mavjud nazariyalarni tubdan o‘zgartirishi mumkin. Bu haqda Kembrij universitetining “Universe Today” jurnali xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, Kembrij universiteti boshchiligidagi xalqaro tadqiqotchilar jamoasi massasi taxminan 50 million Quyoshga teng bo‘lgan ulkan qora tuynukni kashf etgan. U katta ehtimol bilan o‘zi joylashgan galaktikadagi yulduzlardan ham avvalroq paydo bo‘lgan. Ushbu sirli obyekt QSO1 yoki Abell2744-QSO1 deb nomlangan bo‘lib, “Jeyms Uebb” teleskopi yordamida topilgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu topilma qora tuynuklar qanday shakllanishi haqidagi an’anaviy qarashlarni shubha ostiga qo‘ymoqda. Ilgari olimlar avval ulkan yulduzlar vujudga keladi, keyin ular kollapsga uchrab qora tuynuklarga aylanadi va vaqt o‘tishi bilan moddalarni yutib kattalashadi, deb hisoblab kelgan.

Biroq yangi ma’lumotlarga ko‘ra, QSO1 o‘z galaktikasida hali yulduzlar deyarli shakllanmagan davrdayoq ulkan massaga ega bo‘lgan. Tahlillar obyekt atrofidagi gaz asosan vodorod va geliydan iborat ekanini, yulduzlar faoliyatidan keyin hosil bo‘ladigan og‘ir elementlar esa deyarli yo‘qligini ko‘rsatgan.

“Biz sezilarli darajadagi galaktikasi bo‘lmagan va yulduzlar paydo bo‘lishidan avval ham mavjud bo‘lgan qora tuynukni aniqlaganga o‘xshaymiz. Bu juda hayajonli natija. Chunki u ibtidoiy yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri kollaps orqali hosil bo‘lgan qora tuynuklar haqidagi nazariyalarga dalil bo‘lishi mumkin”, deydi tadqiqot mualliflaridan biri Ignas Yuojbalis.

Olimlar “Pandora to‘dasi” nomi bilan mashhur Abell 2744 galaktikalar to‘dasining gravitatsion linzalash effekti orqali obyekt massasini o‘lchashga erishgan. Ushbu effekt uzoq obyektlardan kelayotgan yorug‘likni kuchaytirib, aniq kuzatuv olib borish imkonini bergan.

Qo‘shimcha tahlillarga ko‘ra, tizim massasining asosiy qismi yulduzlarda emas, balki markaziy qora tuynukda jamlangan. Tadqiqotchilar hisobicha, qora tuynuk butun tizim massasining qariyb uchdan ikki qismini tashkil etadi.

Mualliflar taxmin qilishicha, ushbu obyekt Katta portlashdan keyin paydo bo‘lgan “og‘ir urug‘lar”dan shakllangan yoki ulkan gaz bulutlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri kollapsi natijasida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin.

Qizig‘i, JWST teleskopi hozirgacha “kichik qizil nuqtalar” deb ataluvchi yuzlab shunga o‘xshash obyektlarni ham aniqlagan. Bu esa bunday tizimlar ilk Koinot davrida keng tarqalgan bo‘lishi mumkinligini anglatadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Kosmosda yerga eng yaqin qora tuynuk topildi