Kosmosda yashirin yadroviy qurollar bormi? Olimlar javob topdi

Kosmosda yashirin yadroviy qurollar bormi? Olimlar javob topdi

Koinotda yadroviy qurollarni yashirish ehtimoli haqidagi xavotirlar yana kun tartibiga chiqdi. Massachusets texnologiya instituti (MIT) tadqiqotchilari sun’iy yo‘ldoshlarda yashiringan yadroviy qurollarni aniqlash imkonini beruvchi yangi texnologiyani taqdim qildi. Mutaxassislar fikricha, bu kosmosda ommaviy qirg‘in qurollarini masofadan turib tekshirishga xizmat qiladigan ilk ochiq e’lon qilingan usul hisoblanadi.

Ma’lum qilinishicha, 1967 yilda qabul qilingan «Koinot bo‘yicha shartnoma»ga muvofiq, Yer orbitasiga yadroviy qurol joylashtirish taqiqlangan. Biroq shu paytgacha sun’iy yo‘ldoshlarda bunday qurol mavjud yoki yo‘qligini ishonchli tarzda aniqlash imkoni bo‘lmagan.

MIT olimi Areg Danagulyan tomonidan taklif etilgan texnologiya ana shu muammoga yechim sifatida baholanmoqda. U ishlab chiqqan maxsus datchik tizimi shubha uyg‘otgan sun’iy yo‘ldoshga xavfsiz masofada yaqinlashib, undan tarqalayotgan radioaktiv zarrachalarni qayd etadi.

Tadqiqotga ko‘ra, katta hajmdagi datchik taxminan 4 kilometr masofada bir hafta davomida kuzatuv olib borsa, yadroviy materiallarni 99 foiz aniqlik bilan aniqlay oladi. Agar masofa 1000 metrgacha qisqartirilsa yoki bir nechta ixcham datchiklar qo‘llanilsa, tekshiruv vaqti bir necha soatgacha qisqarishi mumkin.

Qurilma uran va plutoniy kabi radioaktiv elementlardan ajralib chiqadigan neytronlarni qayd etish orqali ishlaydi. Olim o‘z tadqiqoti natijalarini nufuzli Nature ilmiy jurnalida e’lon qildi.

Mutaxassislar eslatishicha, kosmosda yadroviy portlashlar insoniyat uchun yangi xavf emas. Masalan, AQSH 1962 yilda orbitada 1,4 megatonna quvvatga ega termoyadroviy qurilmani sinovdan o‘tkazgan. Bu tajriba natijasida bir qator sun’iy yo‘ldoshlar ishdan chiqqan va kuchli radiatsiya ta’siri kuzatilgan.

Bugungi kunda kosmosda qurollanish bo‘yicha xavotirlar yana kuchaymoqda. Xususan, 2022 yilda Rossiyaning «Kosmos-2553» sun’iy yo‘ldoshini uchirishi G‘arb davlatlarida turli taxminlarga sabab bo‘ldi. AQSH ayrim rasmiylari ushbu apparat kelajakda sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi yadroviy texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish uchun xizmat qilishi mumkinligini istisno etmayapti. Rossiya esa bu boradagi ayblovlarga rasman rozilik bildirmagan.

Doktor Danagulyanning ta’kidlashicha, mazkur texnologiya hali to‘liq amaliy tizimga aylanmagan. Hozircha u bunday detektorlarni yaratish ilmiy jihatdan mumkinligini isbotlagan. Endigi bosqichda ushbu loyihani amalga oshirish uchun davlatlar, ilmiy markazlar va xalqaro tashkilotlar qo‘llab-quvvatlashi talab etiladi.

Ekspertlar fikricha, agar texnologiya amaliyotga tatbiq etilsa, u kosmosdagi qurollanish ustidan xalqaro nazoratni kuchaytirish va mamlakatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlashda muhim vositaga aylanishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar