Ertaga noyob astronomik hodisa — eng uzun kun kuzatiladi

Ertaga, 21 iyun kuni Shimoliy yarimsharda yilning eng uzun kuni kuzatiladi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.
Ushbu hodisa yozgi «quyosh turishi» deb ataladi va tabiatdagi eng muhim astronomik jarayonlardan biri hisoblanadi. Bu vaqtda Quyosh osmonda eng uzoq muddat davomida ko‘rinib turadi va insonlar yilning eng ko‘p kunduzgi yorug‘ligidan bahramand bo‘ladi.
Janubiy yarimsharda esa aksincha holat yuz beradi. U yerda yilning eng qisqa kuni kuzatilib, qish fasli boshlanadi.
Ma’lum qilinishicha, «Solstice» atamasi lotincha «sol» — Quyosh va «stitium» — to‘xtash yoki pauza so‘zlaridan kelib chiqqan. Yozgi quyosh turishi Quyoshning yil davomida osmondagi eng yuqori nuqtaga chiqish jarayonining yakuni hisoblanadi. Shu kundan keyin esa kunlar asta-sekin qisqara boshlaydi va bu jarayon dekabr oyining oxirigacha davom etadi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Yer Quyosh atrofida harakatlanar ekan, uning o‘qi biroz qiya holatda bo‘ladi. Shu sababli Quyosh nuri va issiqligi Shimoliy hamda Janubiy yarimsharlarga yil davomida bir xil taqsimlanmaydi.
«Quyosh turishi» Yerning Quyoshga eng ko‘p yoki eng kam egilgan davri bo‘lib, aynan shu paytda kun bilan tun o‘rtasidagi farq eng katta darajaga yetadi.
Shimoliy yarimsharda yozgi quyosh turishi odatda 20–22 iyun kunlari oralig‘ida sodir bo‘ladi. Bu yil esa mazkur hodisa 21 iyun kuniga to‘g‘ri keladi.
Bunga teskari holat qishki quyosh turishida kuzatiladi. Bu vaqtda Shimoliy yarimshar Quyoshdan eng uzoq tomonga og‘adi va yilning eng qisqa kuni hamda eng uzun tuni yuzaga keladi. Qishki quyosh turishi esa, odatda, 20–23 dekabr kunlari oralig‘ida sodir bo‘ladi.






























Izohlar 0
…