Dunyodagi eng noyob baliq «jin balig‘i» harbiy baza ostida topildi

AQSHning Alabama shtatidagi Redstone Arsenal harbiy obyekti ostidagi Bobket g'orida fanga noma'lum bo'lgan Demogorgonichthys arcanus nomli g'or balig'i aniqlandi. Yangi tur bosh qismidagi do'nglik, uzunroq tumshug'i va boshqacha tuzilgan suzgichlari bilan mintaqada ma'lum bo'lgan boshqa g'or baliqlaridan farq qiladi.
AQSHning Alabama shtatida joylashgan, Ikkinchi jahon urushi davrida kimyoviy qurollar ishlab chiqarilgan Redstone Arsenal harbiy obyekti ostida olimlar fanga ilgari noma’lum bo‘lgan g‘or balig‘ini aniqladi. Yangi tur haqidagi tadqiqot Scientific Reports jurnalida e’lon qilindi.
Yangi turga Demogorgonichthys arcanus nomi berilgan. Olimlar bu nomni Netflix'ning mashhur "Stranger Things" serialidagi Demogorgon qahramoni hamda yunon mifologiyasidagi yer osti ruhi nomi bilan bog‘lagan. Mutaxassislar uni dunyodagi eng noyob g‘or baliqlaridan biri deb hisoblamoqda.
Kashfiyot Bobket g‘oridagi navbatdagi kuzatuvlar chog‘ida tasodifan amalga oshgan. Tadqiqot rahbari, Alabama universiteti biologi Mettyu Nimiller g‘orda harakatlanayotgan vaqtda suv havzasiga tushib ketgan va shu payt tosh ostida yashiringan g‘alati baliqlarni payqagan. U ularni suv osti kamerasi yordamida tasvirga olishga ulgurgan.

Olingan suratlar tahlil qilingach, ushbu baliqlar mintaqada avvaldan ma’lum bo‘lgan janubiy g‘or baliqlaridan keskin farq qilishi aniqlangan. Yangi turning bosh qismida o‘ziga xos do‘nglik, uzunroq tumshuq va boshqacha tuzilgan suzgichlar mavjudligi ma’lum bo‘lgan.
Keyingi genetik tahlillar esa bu baliq hozirgacha qayd etilgan hech qaysi g‘or baliqlari guruhiga kirmasligini ko‘rsatgan. Shuningdek, tadqiqotchilar uning ko‘rish qobiliyati uchun mas’ul bo‘lgan rodopsin oqsili bilan bog‘liq genlarida o‘ziga xos mutatsiyalar mavjudligini aniqlagan. Bu esa turning mutlaqo qorong‘i muhitda mustaqil evolyutsiya yo‘li bilan ko‘rish qobiliyatini yo‘qotganini ko‘rsatadi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, yangi aniqlangan tur faqat Bobket g‘orida yashaydi. Shu bois uning soni juda kam bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, g‘or yer osti suvlari orqali tashqi muhit bilan bog‘langani sababli ifloslanish xavfi ham saqlanib qolmoqda.
Tadqiqot mualliflari Demogorgonichthys arcanus xalqaro tabiatni muhofaza qilish mezonlari bo‘yicha yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan turlar qatoriga kirishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Hozircha ushbu noyob baliqning aniq qancha ekani ma’lum emas, chunki ularning katta qismi inson yetib borishi qiyin bo‘lgan g‘or hududlarida yashaydi.






























Izohlar 0
…