Kanada konida ikki milliard yillik suv topildi

Kanadadagi chuqur konlardan birida olimlar ilm-fan uchun ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan noyob topilmani aniqladi. Tadqiqotchilarning ma’lum qilishicha, Ontario provinsiyasida joylashgan Kidd-Krik konidan taxminan ikki milliard yil davomida tashqi muhitdan ajralgan holda saqlanib kelgan suv namunasi topilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, suv yer qa’ridan qariyb uch kilometr chuqurlikdan olib chiqilgan. Ilmiy tahlillar ushbu suyuqlik milliardlab yillar mobaynida tog‘ jinslari orasida “qamalib” qolganini va atmosfera bilan hech qanday aloqa qilmaganini ko‘rsatgan.
Mutaxassislar suvning yoshini aniqlash uchun uning tarkibidagi geliy, neon, argon va ksenon kabi atsil gazlarni o‘rgangan. Aynan shu elementlar olimlarga suv qancha vaqt yopiq muhitda saqlanganini hisoblash imkonini bergan.
Tadqiqotchilarni hayratga solgan yana bir jihat — suvning tarkibi juda sho‘r ekani bo‘ldi. Qayd etilishicha, undagi tuz miqdori dengiz suviga nisbatan o‘n baravar yuqori. Shuningdek, suv o‘ziga xos achchiq ta’m va kuchli oltingugurt hidiga ega ekani aytilmoqda.
Eng qiziqarlisi, mazkur qadimiy suv tarkibida hayot belgilari ham aniqlangan. Olimlar suvda mikroorganizmlar mavjudligini qayd etib, ular quyosh nurisiz, minerallar va suv o‘rtasidagi kimyoviy jarayonlar hisobiga yashab kelgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Mutaxassislar ushbu kashfiyotni Yer sayyorasining uzoq o‘tmishi haqida ma’lumot beruvchi o‘ziga xos “vaqt kapsulasi” deb baholamoqda. Uning o‘rganilishi yer osti muhitida hayot qanday shakllangani va mikroorganizmlar milliardlab yillar davomida qanday sharoitlarda yashab qolganini tushunishga yordam berishi mumkin.






























Izohlar 0
…