Tailanddagi qonli fojia: o‘quvchi avval bobo-buvisini o‘ldirgan

7 avgust kuni Nontxaburi provinsiyasidagi Debsirin Nonthaburi maktabida uyushtirilgan hujumda jami yetti kishi halok bo'ldi, ulardan ikki nafari hujumchining bobosi va buvisi edi. O'smir maktabga borishidan avval uyida bobosi va buvisini otib o'ldirgan, hujum yakunida esa o'z joniga qasd qilgan. U maktab hududida kamida 26 marta o'q uzgan, qurolda yana 34 dona o'q qolgan va fojia oqibatida 23 nafar inson jarohatlangan.
Tailandda sodir bo‘lgan qonli hodisaning yangi tafsilotlari jamoatchilikni yanada larzaga soldi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, maktabda otishma uyushtirgan o‘smir ta’lim muassasasiga yo‘l olishdan avval o‘z uyida bobosi va buvisini otib o‘ldirgan.
Xorijiy nashrlar ma’lum qilishicha, 7 avgust kuni Nontxaburi provinsiyasida joylashgan Debsirin Nonthaburi maktabida sodir etilgan hujum oqibatida jami yetti kishi halok bo‘lgan. Qurbonlarning besh nafari maktab hududida hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa, qolgan ikkisi hujumchining bobosi va buvisi ekani aniqlangan. Hujum yakunida o‘smir ham o‘z joniga qasd qilgan.
Tailand politsiyasi ushbu voqeani mamlakatda 2022 yildan buyon kuzatilgan eng og‘ir ommaviy qotilliklardan biri sifatida baholamoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujumchi bobosiga tegishli qonuniy ro‘yxatdan o‘tgan o‘qotar quroldan foydalangan. Tergov davomida uning maktab hududida kamida 26 marta o‘q uzgani, qurolda esa yana 34 dona o‘q qolgani ma’lum bo‘lgan.

Fojia natijasida 23 nafar inson turli darajada jarohat olgan. Tailand ta’lim vaziri Prasert Jantararuangtong qurbonlar orasida o‘quvchilar ham borligini tasdiqladi. Hozircha o‘smirni bunday dahshatli jinoyatga nima undagani rasman ochiqlanmagan.
Fojia yuz bergan Debsirin Nonthaburi maktabi mamlakatning nufuzli ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. U 1885 yilda Tailand qiroli Chulalongkorn tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, ko‘plab diplomatlar, davlat arboblari, sportchilar va bosh vazirlarni yetishtirgan. 2025 o‘quv yilida ushbu maktabda qariyb 3 100 nafar o‘quvchi va 147 nafar o‘qituvchi faoliyat yuritgan.






























Izohlar 0
…