Oddiy suv va Mountain Dew uchun 90 ming so‘m: koreyalik bloger noroziligini bildirdi

Koreyalik sayohatchi-videobloger Toshkentdagi “O‘zbekiston” mehmonxonasi yaqinidagi do‘kondan Mountain Dew va 1 litr oddiy suv uchun 13 ming koreys voni, taxminan 90 ming so‘m yechilganini ma’lum qildi. Mahsulotlarda narxlar ko‘rsatilmagani sababli xarid qiymatini oldindan bilmagan bloger sotuvchiga e’tiroz bildirgan va ortiqcha yechilgan mablag‘ to‘liq qaytarilgan. Mazkur holat aks etgan video 2,3 million martadan ortiq tomosha qilinib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
36,8 ming nafar kuzatuvchiga ega koreyalik sayohatchi-videobloger Toshkentdagi mashhur “O‘zbekiston” mehmonxonasida yashab turgan paytda mehmonxona yaqinidagi do‘kondan Mountain Dew ichimligi va 1 litr oddiy suv xarid qilgan. Uning aytishicha, mahsulotlarda narxlar ko‘rsatilmagani sababli xarid qiymatini oldindan bilishning imkoni bo‘lmagan.
Bloger chek kerak emasligini aytib, xarid uchun bank kartasi orqali to‘lovni amalga oshirgan. Biroq do‘kondan chiqqach, telefoniga 13 ming koreys voni (taxminan 90 ming so‘m) yechilgani haqida bildirishnoma kelgan. Uning ta’kidlashicha, bunday ichimliklarning odatiy narxi odatda taxminan 15-20 ming so‘m bo‘ladi. Shundan so‘ng u sotuvchiga e’tiroz bildirgan va ortiqcha yechilgan mablag‘ to‘liq qaytarib berilgan.
Mazkur holat aks etgan video blogerning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida 2,3 million martadan ortiq tomosha qilinib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Video O‘zbekistonda ham tez tarqaldi. Ko‘plab internet foydalanuvchilari blogerdan uzr so‘rab, uni yurtimizning turli shaharlari va diqqatga sazovor maskanlariga yana tashrif buyurishga taklif qilishdi.
Keyinchalik bloger O‘zbekiston turizm sohasi vakillaridan ham uzr mazmunidagi xabar olganini ma’lum qildi. Shuningdek, unga aviachipta va barcha safar xarajatlari qoplanadigan 7 kecha va 8 kunlik tanishuv sayohati taklif etilgani bildirildi. Bu tashabbus orqali mehmon mamlakatning turistik salohiyati va mehmondo‘stligini yaqindan ko‘rish imkoniga ega bo‘lishi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…