Do‘stini qutqarmoqchi bo‘lgan 8 yashar qahramonning jasadi topildi

Do‘stini qutqarmoqchi bo‘lgan 8 yashar qahramonning jasadi topildi
Qisqacha

Rossiyaning Ingushetiya respublikasidagi Sunja daryosida cho‘kayotgan do‘stini qutqarishga uringan 8 yoshli Xizir Derbichevning jasadi sakkiz kunlik qidiruv ishlaridan so‘ng 22 iyun kuni topildi. Fojia 15 iyun kuni yuz bergan bo‘lib, Xizir suvga tushib ketgan do‘sti Adamni qutqarish jarayonida kuchli oqimga tushib qolgan. Adam qutqarib qolingan, biroq qidiruv ishlariga minglab ko‘ngillilar va qutqaruvchilar jalb qilinganiga qaramay, Xizirni saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi.

Rossiyaning Ingushetiya respublikasida sakkiz kun davom etgan qidiruv ishlaridan so‘ng daryo oqimida bedarak yo‘qolgan 8 yoshli Xizir Derbichevning jasadi topildi.

Ma’lum qilinishicha, bolaning jasadi 22 iyun kuni kechki soatlarga yaqin aniqlangan. Shundan so‘ng qutqaruv xizmatlari qidiruv amaliyoti yakunlanganini e’lon qildi. O‘sha kuniyoq minglab insonlar ishtirokida Xizir so‘nggi manzilga kuzatildi.

Fojiali voqea 15 iyun kuni Sunja daryosida sodir bo‘lgan. Xizir ikki nafar do‘sti bilan daryo bo‘yida vaqt o‘tkazayotgan vaqtda ulardan biri — Adam suvga tushib ketib, daraxt shoxlari orasida qolib ketgan. Vaziyatni ko‘rgan Xizir do‘stini qutqarish uchun suvga kirgan, ammo kuchli oqim uni ham o‘z domiga tortib ketgan.

Uchinchi bola esa zudlik bilan kattalarga xabar bergan. Natijada suvda qolgan Adam qutqarib qolingan, ammo Xizirni oqim olib ketgan.

Mazkur hodisa ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi. Ko‘plab foydalanuvchilar Xizirni “kichik qahramon” deb atab, uning jasoratiga tahsin bildirdi. Ma’lum bo‘lishicha, u do‘stini qutqarishga oshiqar ekan, “Biz erkakmiz, uni qutqarishimiz kerak”, degan so‘zlarni aytgan.

Bolani izlash ishlariga qutqaruvchilar, mahalliy aholi va ko‘ngillilardan tashqari qo‘shni respublikalardan kelgan minglab insonlar ham jalb qilingan. Sunja daryosi sohillari va atrof hududlar bir necha kun davomida sinchiklab ko‘zdan kechirilgan.

Qidiruv jarayonini kuchli yomg‘irlar va daryodagi yuqori suv sathi yanada murakkablashtirgan. Shunga qaramay, minglab insonlar Xizirni topish umidida qidiruv ishlarida ishtirok etdi.

Xizir Derbichevning jasorati ko‘pchilik tomonidan haqiqiy qahramonlik namunasi sifatida baholanmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar