Cloudflare sunʼiy intellekt agentlari uchun moʻljallangan Kitesurf brauzerini taqdim etdi

Cloudflare sun'iy intellekt agentlari uchun mo'ljallangan Kitesurf nomli bulutli brauzer loyihasini e'lon qildi. U oddiy foydalanuvchilarga emas, balki raqamli vazifalarni avtonom bajaruvchi dasturiy ta'minot tizimlariga yo'naltirilgan bo'lib, kompaniyaning Workers serverless platformasida ishlaydi. Kitesurf Blitz modulli renderlash mexanizmi, Firefox brauzerining Stylo CSS tahlilchisi va Rust tilida yozilgan Boa JS ECMAScript dvigateliga asoslangan.
Internet infratuzilmasi va xavfsizligi boʻyicha yetakchi kompaniya hisoblangan Cloudflare sunʼiy intellekt agentlari uchun maxsus yaratilgan bulutli brauzer — Kitesurf loyihasini eʼlon qildi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, ushbu yangi ishlanma oddiy foydalanuvchilarga moʻljallanmagan boʻlib, u toʻgʻridan-toʻgʻri raqamli vazifalarni bajaruvchi avtonom dasturiy taʼminot tizimlariga moʻljallangan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Hozirgi kunda sunʼiy intellekt texnologiyalari shunchaki savollarga javob beruvchi chat-botlardan foydalanuvchi nomidan murakkab amallarni bajaruvchi agentlarga aylanib bormoqda. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, yangi avlod brauzerlari ushbu jarayonda hal qiluvchi rol oʻynaydi, chunki ular xuddi insonlar kabi veb-sahifalar boʻylab harakatlanishi va internet resurslaridan foydalana olishi lozim.
Texnik xususiyatlar va ustunliklar
Insonlar uchun yaratilgan anʼanaviy veb-brauzerlardan farqli oʻlaroq, sunʼiy intellektga moʻljallangan brauzer sahifa dizayni, rangli mavzular, ochilgan oynalar yoki kengaytmalar kabi vizual unsurlarga eʼtibor qaratmaydi. Cloudflare tushuntirishicha, bunday tizim uchun kontekst oynalarini boshqarish, yuqori unumdorlik, token xarajatlari va masshtablilik muhimroq hisoblanadi.Kitesurf toʻliq ravishda kompaniyaning Workers nomli serverless platformasida ishlaydi. Ishlab chiquvchilarning fikricha, bu yondashuv sunʼiy intellekt agentlariga Chromiumʼga qaraganda ancha kam resurs sarflagan holda vebda samarali ishlash imkonini beradi. Xususan, brauzer skrinshot olish va HTML kodini ajratib olish kabi kundalik vazifalarni bajarishda protsessor hamda xotirani sezilarli darajada tejaydi.
Dasturiy asos va xavfsizlik masalalari
Kitesurf brauzeri noldan emas, balki bir nechta mavjud texnologiyalar bazasida bunyod etilgan. Uning tarkibiga Blitz modullirenderlash mexanizmi, Firefox brauzerining Stylo CSS tahlilchisi hamda Rust tilida yozilgan Boa JS ECMAScript dvigateli kiritilgan. Shuningdek, dastlabki goya Obscura nomli ochiq kodli Rust mexanizmidan ilhomlangan holda paydo boʻlgan.Kompaniya vakillarining qayd etishicha, sunʼiy intellektga asoslangan brauzerlar butunlay boshqacha xavfsizlik tahdidlariga duch kelishi mumkin. Xususan, bunday tizimlar prompt injeksiya hujumlariga moyil boʻlishi ehtimoli bor, shuning uchun brauzer arxitekturasida ushbu xavflar ham inobatga olingan.
Hozirgi kunda Kitesurf beta-test bosqichida boʻlib, Browser Run orqali dasturchilarga bepul taqdim etilmoqda. Ushbu vosita mutaxassislarga Cloudflare tarmogʻida boshqariladigan brauzer nusxalari bilan dasturiy darajada ishlash imkonini beradi. Dastlabki sinovlar natijalariga koʻra, brauzer TodoMVC, Vikipediya va Hacker News kabi ommaviy resurs hamda ilovalarning sahifalarini muvaffaqiyatli tarzda ochib bermoqda.






























Izohlar 0
…