Harri Keynning kelajagi: Myunxen, MLS va Angliyaga qaytish ehtimoli

Harri Keynning kelajagi: Myunxen, MLS va Angliyaga qaytish ehtimoli
Qisqacha

Harri Keyn yaqin yillarda Myunxenning Bavariya klubida qolishni rejalashtirayotgan bo‘lsa-da, keyinchalik MLS, Saudiya Arabistoni yoki Angliyaga qaytishi mumkin. Uning Bavariya bilan shartnomasi yakunlanishiga 12 oy qolgan, tomonlar esa kelishuvni uzaytirish bo‘yicha muzokaralarga tayyor. 2023-yilda Tottenxemdan Myunxenga o‘tgan Keyn barcha musobaqalarda 147 ta uchrashuvda 146 ta gol urdi.

Myunxenning Bavariya klubi hujumchisi Harri Keyn faoliyatining keyingi bosqichida Shimoliy Amerikaning MLS ligasiga koʻchib oʻtishi yoki vatani Angliya futboliga qaytishi mumkin. Germaniya chempionatidagi ishonchli oʻyinlari va rekordlari bilan eʼtibor qozonayotgan ingliz hujumchisining shartnomasi borasidagi rejalari futbol jamoatchiligida katta qiziqish uygʻotmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.

Goal.com nashriga bergan intervyusida Bavariyaning sobiq yarim himoyachisi Dietmar Xaman Harri Keynning kelajagi haqida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi. Uning soʻzlariga koʻra, tajribali hujumchi yaqin yillarda Myunxenda qolishni maqsad qilgan boʻlsada, faoliyatining yakuniy bosqichida boshqa chempionatlarga yoʻl olishi ehtimoldan xoli emas.

Maʼlumki, 2023-yilda Tottenxemni tark etib, Myunxendagi faoliyatini boshlagan Harri Keyn nemis klubi safida oʻzini koʻrsata oldi. U barcha musobaqalarda 147 ta uchrashuvda maydonga tushib, 146 ta gol kiritishga muvaffaq boʻldi. Shartnomasining yakunlanishiga esa atigi 12 oy qolgan.

Myunxenda yangi shartnoma va sovrinlar

Hozirgi kunda tomonlar amaldagi kelishuvni uzaytirish boʻyicha muzokaralarga tayyor ekanliklarini bildirishmoqda. Bavariya safida oʻzining uzoq yillik sovrinsizlik seriyasiga barham bergan hujumchi Chempionlar ligasi gʻolibligini qoʻlga kiritishni va klub afsonasiga aylanishni maqsad qilgan.

Biroq iyul oyida 33 yoshni qarshi olgan futbolchi vaqt oʻtishi bilan Yevropaning elita darajasidagi raqobatini tark etish vaqti kelishini yaxshi tushunadi. Oldinroq Angliya terma jamoasi sardori NFL ligasida kiker sifatida oʻzini sinab koʻrish niyati borligini ham tilga olgandi.

MLS va Angliya: Keynni nima kutmoqda?

Dietmar Xamaning fikricha, Harri Keyn yana ikki-uch yil davomida Germaniyada gollar urishda davom eta oladi. Uning taʼkidlashicha, hujumchi 35 yoshga toʻlgach, MLS yoki Saudiya Arabistoniga yoʻl olishi mumkin, garchi toʻrt nafar farzandning otasi boʻlgan futbolchi hozircha okean ortiga koʻchib oʻtishga shoshilmasa kerak.

Ekspertning fikricha, ertami-kechmi Harri Keyn Buyuk Britaniyaga qaytadi. Bu ehtimol futbolchi sifatida maydonga qaytish boʻlmasa-da, doimiy yashash uchun vatanga qaytishi aniq. Biroq bu savollarga faqat futbolchining oʻzi aniq javob bera oladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar