Fransiyada rekord darajadagi issiqlik 18 kishini olib ketdi

Fransiyada kuzatilayotgan kuchli jazirama issiq tufayli kamida 18 nafar inson vafot etdi. Ular orasida avtomobil ichida qolib ketgan ikki nafar yosh bola ham bor. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Fransiya g‘arbidagi vinochilik markazlaridan biri bo‘lgan Bordo shahrida havo harorati 41,9 darajaga yetgan va avvalgi rekord yangilangan. Shu shaharda 80 yoshdan 95 yoshgacha bo‘lgan uch nafar keksa inson issiqlik oqibatida yuzaga kelgan sog‘liq muammolari sababli hayotdan ko‘z yumgan.
Puate shahrida ham harorat 41,2 darajagacha ko‘tarilib, 1947 yilda qayd etilgan ko‘rsatkichdan oshib ketgan. Shu munosabat bilan Fransiya Fuqaro xavfsizligi xizmati aholini faqat nazorat qilinadigan hududlarda cho‘milishga chaqirdi. Bu ogohlantirish xavfsiz bo‘lmagan joylarda cho‘milgan 13 nafar inson halok bo‘lganidan keyin berildi.
Shuningdek, Karpantras shahrida avtomobil ichida qoldirilgan ikki va to‘rt yoshli bolalar issiqlik urishi oqibatida vafot etdi. Onasi ularni hushsiz holda topgan bo‘lsa-da, shifokorlar ularning hayotini saqlab qola olmagan.
Ayni paytda Yevropaning bir qator shaharlarida yangi harorat rekordlari o‘rnatilmoqda. Fransiyada maktablar vaqtincha yopilgan va dars jadvallari o‘zgartirilgan. Britaniyada esa iyun oyi uchun mutlaq harorat rekordi yangilanishi kutilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Yevropa global o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan ikki baravar tezroq isimoqda. Ekspertlar bu holatni «Omega bloki» deb ataluvchi atmosfera hodisasi bilan izohlamoqda. U Shimoliy Afrika va Sahroyi Kabirdan issiq havoni Yevropa tomon tortib kelmoqda.
Londondagi Imperial kolleji ilmiy xodimi Kler Barnsning ta’kidlashicha, bu tizim juda sekin harakatlanmoqda va deyarli shamol ham, nafas rostlash uchun shabada ham yo‘q. Uning fikricha, iqlim o‘zgarishi kelajakda jazirama to‘lqinlar va kuchli bo‘ronlarni yanada ko‘paytirishi mumkin.






























Izohlar 0
…