Oddiy dori ayol tanasini ko‘k rangga aylantirib yubordi

Keng qo‘llaniladigan antibiotikni qabul qilgan 68 yoshli ayolda juda kam uchraydigan nojo‘ya ta’sir kuzatildi. New England Journal of Medicine jurnalida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, dori qabul qilish boshlanganidan ikki hafta o‘tib uning qo‘l va oyoqlarida ko‘k-kulrang dog‘lar paydo bo‘lgan. Ayol olti hafta davomida dog‘lar yo‘qolmaganidan so‘ng shifokorlarga murojaat qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, u rozatsea kasalligini davolash maqsadida kuniga 100 mg minotsiklin qabul qilgan. Ushbu antibiotik rozatsea, husnbuzar va ayrim bakterial infeksiyalarni davolashda keng qo‘llaniladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, teri rangi o‘zgarishi ushbu dorining juda kam uchraydigan nojo‘ya ta’sirlaridan biri bo‘lib, bemorlarning 3–15 foizida kuzatiladi.

Dastlab dog‘lar faqat oyoqlarda paydo bo‘lgan, keyinchalik qo‘llar va tilning yon qismlariga ham tarqalgan. Shundan so‘ng ayolga minotsiklin chaqirgan giperpigmentatsiya tashxisi qo‘yilgan.
Shifokorlar unga dori qabul qilishni to‘xtatish va quyosh nurlaridan ehtiyotlanishni tavsiya qildi. Olti oydan keyin dog‘lar biroz kamaygan bo‘lsa-da, to‘liq yo‘qolmagan.
Mutaxassislar qayd etishicha, minotsiklin bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi va bosh og‘rig‘idan tashqari, kam hollarda teri rangining o‘zgarishi, eritema multiforme hamda hayot uchun xavfli bo‘lishi mumkin bo‘lgan Stivens–Jonson sindromi kabi jiddiy asoratlarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois dori qabul qilishdan avval uning ehtimoliy nojo‘ya ta’sirlari haqida bemorlarni ogohlantirish muhimligi ta’kidlanmoqda.






























Izohlar 0
…