Tug‘ruqqa 45 daqiqa qolganda homiladorligini bilgan ayol hammani hayratga soldi

Buyuk Britaniyada 21 yoshli Demi-Leye Sefton homiladorligidan xabar topganidan atigi 45 daqiqa o‘tgach, Hazel ismli sog‘lom qizaloqni dunyoga keltirdi. Apanditsit alomati deb o‘ylangan qorin og‘rig‘i bilan shifoxonaga borgan ayolning homiladorligi homila umurtqa pog‘onasiga yaqin joylashgani sababli tashqi ko‘rinishda deyarli sezilmagan. Tibbiyotda «yashirin homiladorlik» deb ataluvchi bunday kam uchraydigan holat taxminan har 2,5 ming nafar ayoldan bittasida kuzatiladi.
Buyuk Britaniyada 21 yoshli ayol boshidan kechirgan kutilmagan voqea ko‘plab insonlarni hayratga soldi. The Mirror nashrining yozishicha, Demi-Leye Sefton o‘zini homilador deb o‘ylamagan va qornida paydo bo‘lgan kuchli og‘riqni apenditsit alomati, deb hisoblagan. Shu sababli u shifokorlar ko‘rigidan o‘tish uchun shifoxonaga murojaat qilgan.
Biroq tekshiruvlar natijasida shifokorlar ayolning aslida homilador ekanini ma’lum qilgan. Eng hayratlanarlisi shundaki, ushbu xabarni eshitganidan atigi 45 daqiqa o‘tgach, Denli sog‘lom qizaloqni dunyoga keltirgan. Chaqaloqqa Hazel ismi qo‘yilgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, homila ona qornining old qismida emas, balki umurtqa pog‘onasiga yaqin joylashgani sababli homiladorlik tashqi ko‘rinishda deyarli sezilmagan. Shuning uchun ayolning qorni kattalashmagan va u o‘zini odatdagidek his qilib, kundalik hayot tarzini davom ettirgan.
Demi-Leyening aytishicha, u faqat vaqti-vaqti bilan jig‘ildoni qaynashini his qilgan. Biroq bu holatni jiddiy qabul qilmagan va uni oddiy bezovtalik deb o‘ylagan. Shu bois u homilador bo‘lishi mumkinligi haqida umuman o‘ylamagan.
Qizaloqning otasi Bred ham ro‘y bergan voqealardan katta hayratga tushganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, oila uchun bu kutilmagan voqea dastlab ishonish qiyin bo‘lgan yangilikka aylangan. Biroq hozirda juftlik qizalog‘i Hazel bilan baxtli hayot kechirmoqda va uning birinchi tug‘ilgan kunini katta intizorlik bilan kutishmoqda.

Mutaxassislar ma’lum qilishicha, tibbiyotda bunday holat «yashirin homiladorlik» deb ataladi. Bu kabi holatlar juda kam uchraydi va statistik ma’lumotlarga ko‘ra, taxminan har 2,5 ming nafar ayoldan bittasida kuzatilishi mumkin. Ana shu sababli ayrim ayollar tug‘ruq arafasiga qadar o‘zlarining homilador ekanini sezmasliklari ham ehtimoldan xoli emas.






























Izohlar 0
…