97 yoshli ayol samolyot qanoti ustida uchib, yana Ginnes rekordini yangiladi

97 yoshli britaniyalik Betti Bromaj harakatlanayotgan samolyot qanoti ustida parvoz qiluvchi eng yoshi katta ayol sifatida Ginnes rekordini yana yangiladi. U soatiga qariyb 225 kilometr tezlikda uchayotgan kichik samolyot qanotida maxsus himoya moslamalari yordamida murakkab aylanishlarni amalga oshirdi. Betti bu rekordni ilk bor 4 yil avval o'rnatgan, so'nggi o'n yil ichida esa olti marta samolyot qanoti ustida parvoz qilgan.
Buyuk Britaniyalik 97 yoshli Betti Bromaj yana bir bor jasorat namunasini ko‘rsatib, dunyodagi eng yoshi katta «wing walker» — ya’ni harakatlanayotgan samolyot qanoti ustida parvoz qiluvchi ayol sifatidagi Ginnes rekordini yangiladi.
Ma’lum qilinishicha, Betti maxsus himoya moslamalari yordamida soatiga qariyb 225 kilometr tezlikda uchayotgan kichik samolyot qanoti ustida turib, havoda murakkab aylanishlarni amalga oshirgan. «Wing walking» dunyodagi eng xavfli havo tomoshalaridan biri hisoblanib, unda faqat maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan insonlar ishtirok etadi.
Betti ushbu rekordni ilk bor 4 yil avval o‘rnatgan edi. Bu galgi parvozdan tushgan xayriya mablag‘lari esa u 2025 yilda insultdan davolangan shifoxonaning insult bo‘limi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
So‘nggi o‘n yil davomida olti marta samolyot qanoti ustida parvoz qilgan Betti bu mashg‘ulotdan voz kechish niyatida emas. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Agar buni qilmasam, hayot men uchun juda zerikarli bo‘lib qoladi».
97 yoshli britaniyalik ayolning jasorati, mustahkam irodasi va hayotga bo‘lgan cheksiz ishtiyoqi butun dunyodagi ko‘plab insonlarga ilhom bag‘ishlamoqda.






























Izohlar 0
…