O‘zbekistonni yana kuchli jazirama kutmoqda

O‘zbekistonni yana kuchli jazirama kutmoqda
Qisqacha

Dam olish kunlari O'zbekistonda havo harorati oshib, ayrim hududlarda 42 darajagacha yetadi. 8–9 avgust kunlari mamlakatning aksariyat hududlarida harorat 37–40 daraja, shimoliy, janubiy va cho'l hududlarida esa 41–42 darajagacha ko'tarilishi kutilmoqda. Asosiy hududlarda yog'ingarchilik bo'lmaydi, tog'li joylarda esa qisqa muddatli yomg'ir va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.

Dam olish kunlari O‘zbekistonda havo harorati yanada oshishi kutilmoqda. O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, respublika hududida issiqlik asta-sekin kuchayib, ayrim hududlarda havo harorati 42 darajagacha yetadi.

Sinoptiklarning bildirishicha, bugun kunduzi mamlakatning aksariyat hududlarida havo 34–37 daraja atrofida bo‘ladi. 8–9 avgust kunlari esa harorat 37–40 darajagacha, shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida esa ayrim joylarda 41–42 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.

Kutilishicha, dam olish kunlari respublika bo‘yicha havo qisman bulutli va ayrim hududlarda o‘zgaruvchan bo‘ladi. Asosiy hududlarda yog‘ingarchilik kuzatilmaydi. Faqat tog‘li joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi ehtimoli mavjud.

Mutaxassislar Toshkent viloyati hamda Farg‘ona vodiysining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel va suv toshqini yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Shu bois mazkur hududlarga dam olish uchun yo‘l oladigan fuqarolar ehtiyotkor bo‘lishi tavsiya etilgan.

Shuningdek, 8–9 avgust kunlari respublika shimoli va cho‘l hududlarida shamol tezligi 13–18 metr/soniyagacha kuchayishi, ayrim joylarda esa chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.

Poytaxtda ham havo quruq bo‘ladi. Toshkent shahrida bugun kunduzi harorat 36 daraja atrofida saqlansa, dam olish kunlari 37–39 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Kechalari esa havo harorati 21–24 daraja atrofida bo‘ladi. Shamol sharq tomondan 3–8 metr/soniya tezlikda esadi.

Sinoptiklar aholiga kunning eng issiq vaqtlarida uzoq vaqt ochiq havoda yurmaslik, ko‘proq suv iste’mol qilish va quyosh nurlaridan ehtiyot bo‘lishni tavsiya qilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar