Internetda haqiqiy inson mumiyalari xavfli tarzda sotilmoqda

Internetda haqiqiy inson mumiyalari xavfli tarzda sotilmoqda
Qisqacha

Internet do'konlari va auksion saytlarida haqiqiy inson mumiyalari sotilayotgani, ayrim hollarda esa ular oddiy pochta orqali yuborilgani aniqlandi. Buyuk Britaniya, Litva, Italiya va Avstraliya universitetlari mutaxassislari 2015–2025 yillarga oid 122 ta inson qoldiqlari va 6 ta hayvon qoldiqlari aks etgan e'lonni tahlil qildi. Ayrim mumiyalarda zamburug'li infeksiya belgilari aniqlangan, 22 ta holatda esa odamlar ularga qo'lqop va niqobsiz tegingan.

Internet do‘konlari va auksion saytlarida haqiqiy inson mumiyalari sotilayotgani aniqlandi. Ayrim holatlarda ular oddiy pochta orqali yuborilgan. Mutaxassislar esa bunday savdo biologik va kimyoviy xavf tug‘dirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Bu haqda Naked Science xabar berdi.

Buyuk Britaniya, Litva, Italiya va Avstraliya universitetlarining sog‘liqni saqlash, biologiya, anatomiya hamda kimyo sohalari mutaxassislari ijtimoiy tarmoqlar, internet do‘konlar va auksion saytlaridagi e’lonlarni o‘rgandi. Ular 2015–2025 yillarga tegishli 122 ta inson qoldiqlari va 6 ta hayvon qoldiqlari aks etgan e’lonni tahlil qildi.

Ayrim sotuvga qo‘yilgan mumiyalarda zamburug‘li infeksiya belgilari bo‘lgan. Biroq sotuvchilar xaridorlarni xavfsizlik qoidalari haqida ogohlantirmagan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mumiyalashga xos quritish jarayoni barcha biologik jarayonlar to‘liq to‘xtaganini anglatmaydi. Saqlanib qolgan mikroorganizmlar noto‘g‘ri sharoitda tashish yoki saqlash vaqtida qayta faollashishi mumkin. Zamburug‘ sporalari esa havoga tarqalib, mumiya bilan ishlayotgan odamlarga xavf tug‘dirishi ehtimoli bor.

Mumiyalarga himoya vositalarisiz teginishgan

Oq mato ustida yotgan insonning mumiyolangan jasadi va skeleti.

Tadqiqotchilar 22 ta holatda insonlar mumiya qoldiqlariga qo‘lqop va niqobsiz teginganini aniqladi. Bunday himoya vositalari nafaqat mikroorganizmlardan, balki balzamlashda ishlatilgan kimyoviy moddalardan saqlanish uchun ham zarur.

Tarixning turli davrlarida jasadlarni saqlash uchun mishyak (margimush), simob va qo‘rg‘oshin kabi zaharli moddalardan foydalanilgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, bitum, kedr moyi, natron va o‘simlik smolalari kabi moddalar ham qo‘llangan. Ayrim birikmalar teri va nafas yo‘llariga ta’sir qilishi mumkin.

Olimlar ushbu tadqiqot natijalarini mumiya qoldiqlarining butun dunyodagi bozoriga to‘liq tatbiq etib bo‘lmasligini ta’kidlamoqda. Ammo izlanishlar inson mumiyalarining internetda sotilishi va tashilishi muayyan xavflarni keltirib chiqarishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Avvalroq 1991 yilda O‘tztal Alp tog‘larida aniqlangan 5 300 yillik mumiyadan zamonaviy va qadimiy bakteriyalar topilgan edi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar