Indoneziyada «Supermen» libosidagi o‘t o‘chiruvchi mashhur bo‘ldi

Indoneziyaning Borneo orolida 17 yoshli Rudiyansah o‘rmon va yer yong‘inlarini o‘chirishda «Supermen» libosida ishtirok etib, ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘ldi. Uning yong‘inlarga qarshi kurashdagi harakatlari millionlab marta tomosha qilingan. Bu haqda The Washington Post va AFP xabar berdi.
Rudiyansah Markaziy Kalimantan provinsiyasidagi Palangkarayya shahri yaqinida yashaydi. U otasi Mulyadi tashkil qilgan ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar guruhiga qo‘shilib, 2023 yildan beri darsdan keyin yong‘inlarni bartaraf etishda yordam berib kelmoqda.
Bu yil esa o‘smir yong‘inlarga o‘zining sevimli qahramoni — «Supermen» libosida chiqishga qaror qilgan. Uning yong‘in o‘chirish shlangi bilan alanga va tutunga qarshi kurashayotgan videolari ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqalgan. Rudiyansahning o‘zi kostyumni kiyishini asosan zavq uchun ekanini aytgan.
O‘smirning jasorati Indoneziya O‘rmon xo‘jaligi vaziri Raja Juli Antonining ham e’tiborini tortgan. Vazir uni «o‘rmon qahramoni» deb atagan va Rudiyansah kelajakda o‘rmon qo‘riqchisi bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Rudiyansah mahalliy aholiga yordam berayotganidan xursand ekanini aytgan. U kelajakda o‘rmon qo‘riqchisi bo‘lishni orzu qiladi va Indoneziyadagi boshqa ko‘ngillilar hamda o‘t o‘chiruvchilarni yong‘inlarga qarshi kurashni davom ettirishga chaqirgan.
Uning otasiga ko‘ra, 2020 yilda ko‘ngillilar guruhi tashkil etilganidan beri bu yilgi yong‘in mavsumi eng og‘ir kechmoqda. Uzoq davom etgan qurg‘oqchilik tufayli quduqlar va yong‘inlarni o‘chirishda foydalaniladigan boshqa suv manbalari qurib qolgan.
Indoneziyada yong‘inlar bilan bog‘liq vaziyat ham jiddiylashgan. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil yanvar–iyul oylarida yong‘inlar 200 ming gektardan ortiq yerni qamrab olgan. Bu maydon Jakarta shahri hududidan qariyb uch baravar katta. Yong‘inlar oqibatida hosil bo‘lgan tutun Borneoning Indoneziya, Malayziya va Bruney o‘rtasida bo‘lingan qismlariga tarqalgan.






























Izohlar 0
…