Dengiz tubidan 83 yillik sirli nemis qayig‘i topildi

Dengiz tubidan 83 yillik sirli nemis qayig‘i topildi

Gretsiyalik texnik g‘avvoslar Ion dengizida Ikkinchi jahon urushi davriga oid noyob nemis tezyurar qayig‘ini topdi. Kema 300 futdan ortiq chuqurlikda, deyarli tik holatda yotibdi.

AegeanTec mutaxassislari uzunligi 41 fut bo‘lgan kemani Nazi Germaniyasining Kriegsmarine harbiy-dengiz kuchlarida xizmat qilgan LS6 — Leichtes Schnellboot qayig‘i sifatida aniqladi. Mutaxassislar uni bu turdagi saqlanib qolgan yagona ma’lum kema bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda.

Qayiq Lefkada oroli va materik oralig‘ida, Preveza yaqinidagi Ion dengizida joylashgan. Topilma haqida AegeanTec dengiz tarixi tadqiqotchisi Giorgos Karelas joriy oy boshida ma’lum qildi.

Kemani izlash ishlari 2013 yilda boshlangan. Nemis dengiz tarixi tadqiqotchisi Peter Schenk arxiv ma’lumotlari orqali Ion dengizida yo‘qolgan kichik Kriegsmarine kemasi haqida ma’lumot bergan. Keyin Lefkada hududidagi kema izlovchisi Dimitris Giannoulatos 315 fut chuqurlikda sonar orqali noma’lum obyektni aniqlagan.

Shundan so‘ng AegeanTec g‘avvoslari Marinos Giourgas va Vasilis Spyropoulos chuqurlikka tushib, kemani tekshirgan. Ular dengiz tubida deyarli tik turgan, alyuminiy korpusi va ustki qismi esa 80 yildan ortiq vaqt suv ostida qolganiga qaramay, yaxshi saqlangan kemani topgan.

Mutaxassislar LS6 ekanini uning o‘lchamlari, alyuminiydan yasalgani, kema orqa qismi hamda ikkita Junkers Jumo 205 dizel dvigateli orqali tasdiqlagan. Uni tortish uchun ishlatilgan trosning bir qismi ham kemaning burniga ulangan holda qolgan.

G‘avvos suv ostidagi kema halokati joyini fonar yordamida o‘rganmoqda.

LS6 Dornier kompaniyasi tomonidan qurilib, 1941 yilda xizmatga qabul qilingan. Dastlab torpeda operatsiyalari uchun mo‘ljallangan qayiq keyinchalik suvosti kemalariga qarshi kurashish uchun qayta jihozlangan va chuqurlik bombalarini tashlash uskunalari bilan ta’minlangan.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1943 yil 24 sentyabrda qayiq Igumenitsadan Korfuga qarab harakatlanayotganida hujumga uchragan. Eng ehtimoliy versiyaga ko‘ra, unga oltita Italiyaning Reggiane Re.2002 qiruvchi-bombardimon samolyoti hujum qilgan.

Kema yaqinidagi portlashlar uning yengil alyuminiy korpusiga jiddiy zarar yetkazgan va harakatlanish imkoniyatini cheklagan. Germaniya harbiylari shikastlangan LS6 ni ta’mirlash uchun Pireyga tortib borishga uringan.

Biroq besh kun o‘tib, 29 sentyabrda tortish jarayonida zararlangan korpus bosimga dosh berolmay, yorilib ketgan. Suv kemaning ichiga kirishi natijasida LS6 Preveza sohilidagi Mitikas yaqinida cho‘kib ketgan.

Ekspertlar kemaning havodagi hujum natijasida butunlay vayron bo‘lmay, aynan tortib ketilayotganda cho‘kkani uning yaxshi saqlanishiga yordam berganini ta’kidlamoqda. Alyuminiy konstruksiyasi ham LS6 ning o‘nlab yillar davomida nisbatan yaxshi holatda qolishida muhim omil bo‘lgan.

Gretsiya qonunchiligiga ko‘ra, 50 yildan ortiq vaqt oldin cho‘kkan kema va samolyot qoldiqlari muhofaza qilinadigan tarixiy yodgorliklar hisoblanadi. Shu sababli LS6 ning aniq joylashuvi ommaga oshkor qilinmagan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar