Olimlar pashsha miyasini masofadan boshqarishga muvaffaq bo‘ldi

Olimlar pashsha miyasini masofadan boshqarishga muvaffaq bo‘ldi


AQSHning Hyuston shahridagi Rays universiteti tadqiqotchilari meva pashshalarining, ya’ni drosofilalarning miyasiga ta’sir o‘tkazib, ularni masofadan boshqarish usulini namoyish etdi. Tajriba davomida pashshalar miyasidagi muayyan neyronlarga buyruq yuborilganda, hasharotlar atigi bir sekund ichida kerakli harakatni bajargan. Bu haqda Nature Materials jurnalida chop etilgan tadqiqotda ma’lum qilindi.

Olimlar tajriba jarayonida pashshalar miyasiga magnit maydoni ta’sirida qiziydigan temir oksidi nanozarralarini kiritdi. Shu orqali ularning geni o‘zgartirildi. Tadqiqot maxsus jihozlangan kamerada o‘tkazildi. Uning ostiga elektromagnit, yuqori qismiga esa videokamera o‘rnatilgan.

Pashshalarni boshqarish uchun tadqiqotchilar neyronlardagi harorat o‘zgarishi tezligiga sezgir bo‘lgan ion kanalidan foydalandi. Pashshalar kamera ichida harakatlanib, o‘rmalab yurgan paytda magnit maydoni o‘zgartirildi. Natijada miyaga kiritilgan nanozarralar qizib, kerakli neyronlarni faollashtirdi.

Videokamera geni o‘zgartirilgan pashshalar magnit signali berilganidan yarim sekund o‘tib, qanotlarini qisman yozganini qayd etdi. Mutaxassislar ushbu harakatni odatda mazkur jonzotlarda juftlashish ishorasi sifatida baholaydi.

Tadqiqot muallifi Jeykob Robinson bu natija neyrotexnologiya sohasida muhim qadam ekanini ta’kidladi.

«Magnit maydonlari yordamida tanlangan neyron zanjirlarini masofadan boshqarish neyrotexnologiyaning asosiy maqsadi hisoblanadi. Bizning ishimiz miyani o‘rganishda oldinga tashlangan muhim qadam bo‘ldi», dedi u.

Jamoa hozirda miyani masofadan rag‘batlantirish orqali insonlarda ko‘rish qobiliyatini tiklash usullari ustida ish olib bormoqda. Mualliflarning umid qilishicha, miyaning muayyan sohalarini aniq ravishda faollashtirish imkonini beruvchi ushbu texnologiya kelajakda ko‘plab kasalliklarni, jumladan, nevrologik xastaliklarni jarrohlik amaliyotisiz davolashga asos bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, mazkur texnologiya miya va kompyuter o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatish imkonini beruvchi simsiz quloqchinlarni yaratishga ham yordam berishi mumkin. Olimlarning ta’kidlashicha, bunday qurilmalar miyaning tabiiy signallari aniqligiga yaqinlashishi uchun javob berish vaqtini sekundning bir necha yuzdan bir qismigacha qisqartirish talab etiladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar