Avstraliyada bir buqa 300 ming AQSH dollariga sotildi: uning narxi nimasi bilan oqlanmoqda?

Avstraliyadagi kim oshdi savdosida Angus zotiga mansub buqa mamlakat uchun rekord narxda — 420 ming Avstraliya dollari, ya’ni qariyb 300 ming AQSH dollariga sotildi. 19 oylik hayvonning nafaqat vazni, balki nasl berish xususiyatlari ham xaridorlarni o‘ziga jalb qilgan.
Wyatt W50 laqabli buqa Yangi Janubiy Uels shtatidagi mashhur Millah Murrah naslchilik xo‘jaligida yetishtirilgan. Ushbu xo‘jalik Angus zotidagi yuqori sifatli qoramollarni yetishtirish bo‘yicha Avstraliyadagi nufuzli xo‘jaliklardan biri hisoblanadi.
19 oylik Wyatt W50 kim oshdi savdosida 834 kilogramm vazni bilan ham e’tibor qozondi.
Biroq xaridorlar uchun eng katta qiymat uning vaznida emas, balki yuqori nasldorlik xususiyatlarida bo‘lgan. Angus zotiga mansub qoramollar go‘shtdorligi va tez vazn yig‘ishi bilan mashhur. Shu sababli yaxshi naslga ega buqalar chorvachilik xo‘jaliklari uchun katta iqtisodiy qiymatga ega bo‘lishi mumkin.
Avstraliyadagi yangi rekord qimmat bo‘lsa-da, dunyo rekordi undan bir necha barobar yuqori. 2019 yilda AQSHda o‘tkazilgan kim oshdi savdosida SAV America 8018 laqabli Angus buqasi 1,51 million dollarga sotilgan.































Izohlar 0
…