9 million yevrolik yaxta cho‘kib ketdi

Sardiniya qirg'oqlarida qiymati 9 million yevrodan ortiq bo'lgan 30 metrli Angiola II super yaxtasi yangi egasiga topshirilganidan to'rt kun o'tib yong'in sababli cho'kib ketdi. Hodisa Porto Chervo yaqinidagi Kosta Smeralda sohillarida yuz bergan va yaxta bortidagi 14 kishining barchasi xavfsiz qutqarilgan. Yong'in sababi va kemaning qisqa vaqt ichida cho'kib ketgani yuzasidan tekshiruv olib borilmoqda, dengizga yonilg'i sizib chiqishi aniqlanmagan.
Sardiniya qirg‘oqlarida qiymati 9 million yevrodan ortiq deb baholangan super yaxta yangi egasiga topshirilganidan atigi to‘rt kun o‘tib yong‘in tufayli cho‘kib ketdi. Bu haqda Italiyaning Il Messaggero nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 30 metr uzunlikdagi Angiola II yaxtasida sodir bo‘lgan. Hodisa Porto Chervo yaqinidagi Kosta Smeralda sohillarida ro‘y bergan. Kema bortida kutilmaganda yong‘in chiqqan va qisqa vaqt ichida yaxta suvga g‘arq bo‘lgan.
Eng muhimi, fojia paytida kema bortida bo‘lgan 14 kishining barchasi favqulodda xizmatlar tomonidan xavfsiz tarzda qutqarib qolingan.
Yaxta yangi egasiga to‘rt kun oldin berilgan
Angiola II mazkur hodisadan bor-yo‘g‘i to‘rt kun avval yangi egasiga topshirilgan edi. Yong‘indan jiddiy zarar ko‘rgan kemani keyinchalik qirg‘oqqa buksir yordamida olib kelish rejalashtirilgan.
Favqulodda xizmatlar ma’lumotiga ko‘ra, hodisadan so‘ng dengizga yonilg‘i sizib chiqishi holati aniqlanmagan.
Yaxtani ishlab chiqargan Amer Yachts kompaniyasi ma’lum qilishicha, Angiola II 2020 yilda suvga tushirilgan. Shundan buyon u bir necha marta egasini o‘zgartirgan.
Kompaniya vakillari yaxta kafolat muddatida bo‘lgan davrda uning texnik xizmat ko‘rsatish ishlari nazorat qilib borilganini ta’kidladi.
«Yo‘lovchilar va kema ekipajining xavfsiz qolganidan mamnunmiz. Boshqalar qatori biz ham rasmiy surishtiruv natijalarini kutmoqdamiz», — deya ma’lum qildi kompaniya.
Ayni paytda yong‘inga nima sabab bo‘lgani va yaxtaning nega shunchalik qisqa vaqt ichida cho‘kib ketgani yuzasidan tekshiruv olib borilmoqda.
Avval ham yaxta bilan bog‘liq fojia sodir bo‘lgan
Ma’lumot o‘rnida, may oyida Avstraliyaning Yangi Janubiy Uels shtati sohillarida ham yaxta cho‘kib ketgan edi. O‘sha voqeada kuchli to‘lqinlar nafaqat kemani, balki qutqaruv qayig‘ini ham ag‘darib yuborgan.
Fojia oqibatida uch kishi halok bo‘lgan. Qurbonlarning ikki nafari esa ko‘ngilli qutqaruvchilar bo‘lgan.
Sardiniyadagi Angiola II bilan bog‘liq hodisada esa barcha 14 kishi omon qolgan bo‘lsa-da, millionlab yevro qiymatidagi yaxtaning yangi egasiga topshirilganidan to‘rt kun o‘tib cho‘kib ketishi katta e’tibor uyg‘otdi.






























Izohlar 0
…