Ashraf Hakimi zo‘rlash ayblovi bo‘yicha sud qilinadi

Ashraf Hakimi zo‘rlash ayblovi bo‘yicha sud qilinadi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Fransiya Kassatsiya sudi Ashraf Hakimining zo‘rlash ayblovi bo‘yicha sudga yuborilishiga qarshi bergan shikoyatini qanoatlantirmadi, shu tariqa uning ishi O-de-Sen departamenti jinoyat ishlari bo‘yicha sudida ko‘rib chiqiladi.
  • Ish 2023 yil 25 fevralida sodir bo‘lgan voqea bilan bog‘liq bo‘lib, unda yosh ayol futbolchini zo‘rlashda ayblagan, ammo Hakimi barcha ayblovlarni rad etib kelmoqda.

Fransiya Kassatsiya sudi «Pari Sen-Jermen» va Marokash terma jamoasi himoyachisi Ashraf Hakimining zo‘rlash ayblovi bo‘yicha sudga yuborilishiga qarshi bergan so‘nggi shikoyatini qanoatlantirmadi. Shu tariqa futbolchining ishi O-de-Sen departamenti jinoyat ishlari bo‘yicha sudida ko‘rib chiqiladi.

Kassatsiya sudi 2026 yil 23 sentyabr kuni Hakimining shikoyatini qabul qilish uchun yetarli asoslar yo‘q, degan xulosaga kelgan. Mazkur sud ishning mohiyati bo‘yicha Hakimining aybdor yoki aybsizligini belgilamaydi, balki quyi sudlar qarorlarining qonuniyligi va protsessual jihatlarini ko‘rib chiqadi.

Ish 2023 yil 25 fevralida sodir bo‘lgan voqea bilan bog‘liq. Parij yaqinidagi Bulon-Biyankur shahrida Hakimining uyiga borgan yosh ayol futbolchini zo‘rlashda ayblagan. Hakimi esa tergov boshidan beri barcha ayblovlarni rad etib kelmoqda.

2026 yil 24 fevral kuni ishni tergov qilgan sudya Hakimini sudga yuborish uchun yetarli asoslar mavjud, degan xulosaga kelgan. Futbolchi mazkur qarorga nisbatan apellyatsiya bergan, ammo 19 iyun kuni Versal apellyatsiya sudi quyi sud qarorini o‘z kuchida qoldirgan. Shundan so‘ng Hakimi Fransiyaning eng yuqori sud instansiyasi bo‘lgan Kassatsiya sudiga murojaat qilgan.

Jabrlanuvchi tomon advokati Bertran Perening so‘zlariga ko‘ra, Kassatsiya sudi Hakimining shikoyatini qabul qilish uchun jiddiy asoslar mavjud emas, degan qarorga kelgan. Jabrlanuvchining yana bir advokati Reychel-Flor Pardo esa uch yarim yildan beri davom etayotgan sud jarayonidan so‘ng mijozining adolat qaror topishi uchun kurashishda davom etishini bildirgan.

Hakimining advokati Fanni Kolin esa futbolchi ayblovlarni qat’iyan rad etayotganini va Kassatsiya sudi ishning mohiyatini ko‘rib chiqmaganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, himoya tomonining dalillari bo‘ladigan sud jarayonida taqdim etiladi.

Sud jarayonining aniq sanasi hozircha belgilanmagan. Hakimning aybdor yoki aybsizligi bo‘ladigan sudda aniqlanadi.

Ma’lumot uchun, Ashraf Hakimi 2021 yildan buyon «Pari Sen-Jermen» safida to‘p tepmoqda.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar