Xitoylik o‘qituvchi o‘quvchilari bilan 4 metrlik suv raketasini yasadi

Xitoyning Szyansi provinsiyasida fan o‘qituvchisi Van In o‘quvchilari bilan balandligi 4 metrga yetadigan ko‘p bosqichli suv raketasini yaratdi. Qurilma parvoz vaqtida kuchaytirgichlarini ajratishi va parashyut yordamida yerga qaytishi bilan e’tibor qozondi.
Ma’lum bo‘lishicha, raketa plastik chelaklar, ichimlik idishlari va boshqa oddiy materiallardan yig‘ilgan. U suv hamda siqilgan havo bosimi yordamida harakatlanadi. Parvoz davomida raketaning yon kuchaytirgichlari, shuningdek, birinchi va ikkinchi bosqichlari ketma-ket ajraladi. Shundan so‘ng raketa qismlarida parashyutlar ochilib, ular xavfsiz tarzda yerga qaytariladi.
Van In bunday tajribalar orqali o‘quvchilarga darslikdagi nazariy bilimlarni amaliy tarzda tushuntirishni maqsad qilgan. O‘quvchilar raketani loyihalash, yig‘ish va sinovdan o‘tkazish jarayonida mexanika, havo bosimi hamda parvoz tamoyillarini amalda o‘rganadi.
O‘qituvchi suv raketalari bilan ishlashni bir necha yildan beri davom ettirmoqda. The Paper ma’lumotiga ko‘ra, uning tajribasi boshqa pedagoglarga ham ta’sir ko‘rsatgan va Xitoy bo‘ylab qariyb 3 ming nafar o‘qituvchi suv raketalarini dars jarayoniga olib kirgan.
Van In va o‘quvchilarining raketani muvaffaqiyatli uchirishdan oldin 60 martadan ortiq muvaffaqiyatsiz sinovlarni boshdan kechirgani ham qayd etilgan. O‘qituvchi bunday tajribalar nafaqat ilmiy bilim, balki xatolardan saboq olish va muammolarni hal qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga yordam berishini ta’kidlaydi.






























Izohlar 0
…