«Kalmar o‘yini»ni ortda qoldirgan yangi koreys doramasi

«Kalmar o‘yini»ni ortda qoldirgan yangi koreys doramasi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • «Travmatologiya» nomli yangi koreys seriali Netflix'ning global reytingida «Kalmar o‘yini»ning ikkinchi mavsumini ortda qoldirib, ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi.
  • Sakkiz qismdan iborat ushbu dorama IMDb va «Kinopoisk»da 8,5 ball reytingga ega bo‘ldi.
  • Serial syujeti travmatologiya markazini isloh qilishga harakat qilayotgan tajribali jarroh haqida bo‘lib, unda tibbiyot voqealarining muhim o‘rin tutishi va an’anaviy romantik sahnalarning deyarli yo‘qligi bilan ajralib turadi.

Koreys seriallariga qiziqadigan tomoshabinlar e’tiborini yangi dorama o‘ziga jalb qilmoqda. «Travmatologiya» nomli serial qisqa vaqt ichida Netflix platformasining global reytingida yuqori pog‘onalardan birini egallashga ulgurdi.

Sakkiz qismdan iborat dorama IMDb va «Kinopoisk»da 8,5 ball reyting qayd etgan. Premeradan keyin atigi besh kun ichida serial bir qator mamlakatlarda Netflix'ning eng ko‘p tomosha qilingan loyihalari qatoriga kirgan.

Qizig‘i, dorama qisqa muddat ichida Netflix global reytingida «Kalmar o‘yini»ning ikkinchi mavsumini ham ortda qoldirib, ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgan.

Syujet markazida tajribali jarroh turadi. U travmatologiya markazi ishini o‘zgartirish va uni yanada samarali tizimga aylantirishga harakat qiladi. Biroq bu yo‘lda uni og‘ir ahvoldagi bemorlar, moliyaviy muammolar va hamkasblarining qarshiligi kutadi.

Dorama shifokor haqidagi mashhur roman asosida suratga olingan. Asar muallifining o‘zi otolaringolog bo‘lgani bois, serial voqealarida tibbiyot shunchaki fon vazifasini bajarmaydi. Bemorlar bilan bog‘liq murakkab vaziyatlar va shifokorlarning tezkor qarorlari syujetning asosiy qismini tashkil etadi.

Serialning yana bir jihati — unda an’anaviy romantik sahnalar deyarli uchramaydi. Tomoshabin asosan shifokorlarning shoshilinch operatsiyalari, og‘ir bemorlar uchun kurashi va bir necha soniya ichida qaror qabul qilish jarayonlariga guvoh bo‘ladi.

Dorama muxlislari ham ijobiy fikrlarini bildirmoqda. Ayrim tomoshabinlar serialning dinamik syujeti, hazil va dramaning uyg‘unligi hamda qismlarning tez o‘tib ketishini alohida ta’kidlagan.

Sakkiz qismdan iborat bo‘lgan serialning finali esa davomiy voqealarga ishora qilishi bilan tomoshabinlarda yangi mavsumga qiziqish uyg‘otgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar