Olmaota tog‘larida sayyohlar oldida qor barsi paydo bo‘ldi (video)

Olmaota tog‘larida sayyohlar oldida qor barsi paydo bo‘ldi  (video)

Olmaota tog‘larida sayyohlar kamdan-kam uchraydigan qor barsiga duch keldi. Nodir yirtqich tog‘ so‘qmog‘ida sayyohlar guruhiga hamroh bo‘lib kelgan itni quvib, kutilmaganda ularning ko‘z o‘ngida paydo bo‘lgan.

Voqea guvohlaridan biri bu lahzalarni videoga muhrlashga ulgurgan.

Olmaotada yashovchi Oksana Perekupkoning so‘zlariga ko‘ra, sayr davomida guruhga mahalliy it ham qo‘shilgan. Dastlab hayvon sayyohlar oldida yugurib borgan. Biroq dam olish paytida uning xatti-harakatlari keskin o‘zgargan.

Itning juni tikka bo‘lib, diqqati bir nuqtaga qaratilgan. Oradan ko‘p o‘tmay, u to‘satdan yugurib ketgan. Bir necha soniyadan so‘ng esa uning ortidan qor barsi paydo bo‘lgan.

Sayyohlar it uchun xavotirlanib, baqira boshlagan. Ammo yirtqich odamlarga yaqinlashmagan. U bir necha soniya davomida sayyohlar tomon qarab turgan va so‘ng archa ortiga o‘tib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan.

Biroz vaqt o‘tgach, qor barsi so‘qmoqning yuqoriroq qismida yana ko‘ringan. Sayyohlar yirtqich o‘sha yerda o‘z o‘ljasini qo‘riqlayotgan bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilgan.

Shundan so‘ng guruh a’zolari itni o‘zlari bilan olib, yaqin aholi punktiga tushirib qo‘ygan.

Qor barsi Qozog‘istonning Qizil kitobiga kiritilgan noyob yirtqich hisoblanadi va davlat muhofazasida. Mamlakat hududida uning taxminan 200 ga yaqin vakili borligi qayd etilgan.

Sayyohlar tasvirga olgan ushbu kamyob uchrashuv esa tog‘larda tabiat bilan yuzma-yuz kelishning naqadar kutilmagan bo‘lishini yana bir bor ko‘rsatdi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar