AQSHda tibbiy samolyot halokatga uchradi: bortdagi olti kishi halok bo‘lgan deb taxmin qilinmoqda

AQSHda tibbiy samolyot halokatga uchradi: bortdagi olti kishi halok bo‘lgan deb taxmin qilinmoqda

3 oktyabr kuni Bermuda orollaridan Bostonga uchayotgan tibbiy samolyot AQSHning Massachusets shtatidagi Nantaket oroli yaqinida Atlantika okeaniga qulagan. Bortda bo‘lgan olti kishining barchasi halok bo‘lgan deb taxmin qilinmoqda. Bu haqda AQSH Sohil muhofazasi xizmati va Reuters xabar berdi.

Qayd etilishicha, Kanadada ro‘yxatdan o‘tgan Gulfstream G100 rusumli samolyot Bermudadan Bostonga tibbiy evakuatsiya parvozini amalga oshirayotgan bo‘lgan. U Latitude Air Ambulance kompaniyasiga tegishli bo‘lib, bortda ikki nafar uchuvchi, ikki nafar tibbiy xodim, bir bemor va uning yaqini bo‘lgan.

Samolyot Nantaket yaqiniga yaqinlashganida ekipaj elektr tizimida nosozlik yuzaga kelgani haqida xabar bergan va favqulodda holat e’lon qilgan. Shundan so‘ng dispetcherlar bilan aloqa uzilgan. Parvoz ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot taxminan 24 ming fut balandlikdan qisqa vaqt ichida keskin pastlagan.

Qidiruv-qutqaruv guruhlari Nantaket sohilidan samolyotga tegishli bo‘lgan parchalarni topgan. Shundan so‘ng AQSH Sohil muhofazasi xizmati 66 soat davom etgan qidiruv ishlarini 4 oktyabr kuni to‘xtatgan. Qidiruv davomida omon qolganlar aniqlanmagan.

Latitude Air Ambulance kompaniyasi samolyotdagi to‘rt nafar xodimi, bemor va uning yaqini halok bo‘lgan deb hisoblanayotganini ma’lum qilgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bortdagi to‘rt nafar ekipaj a’zosi Kanada fuqarolari, bemor va uning yaqini esa Bermuda fuqarolari bo‘lgan. Halokat sababi hozircha aniqlanmagan. Voqea yuzasidan AQSH va Kanada tegishli idoralari tergov olib bormoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar