CNN shov-shuvi: 80 yil ichida birinchi marta amerikalik harbiy otib o‘ldiriladimi?

CNN shov-shuvi: 80 yil ichida birinchi marta amerikalik harbiy otib o‘ldiriladimi?
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset, prezident Donald Tramp tasdig‘i bilan, 2009 yilda Fort-Hud harbiy bazasida 13 kishini o‘ldirib, 32 kishini yaralagan mayor Nidal Hasanni otib o‘ldirishga hukm qildi.
  • Agar ushbu hukm ijro etilsa, bu AQSH armiyasida 1945 yildan beri birinchi marta harbiyning otib o‘ldirilishi bo‘ladi.
  • Nidal Hasan 2013 yilda harbiy tribunal tomonidan o‘limga hukm qilingan, ammo uning jazosi Prezident tomonidan tasdiqlanishi kerak edi.

AQSHda harbiy adliya tarixida so‘nggi sakson yil ichida kuzatilmagan misli ko‘rilmagan voqelik yuz berishi mumkin. CNN telekanalining Pentagon manbalariga tayanib xabar berishicha, AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset Fort-Hud harbiy bazasida qonli otishma uyushtirgan mayor Nidal Hasanni o‘qotarlar guruhi (rasstrel) yordamida qatl etish tashabbusi bilan chiqdi, prezident Donald Tramp esa ushbu qat’iy qarorni rasman tasdiqladi.

Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Shon Parnell masalaga oydinlik kiritar ekan: «2009 yilda Fort-Hudda qurolsiz amerikalik askarlarga qarata o‘t ochgan jihodchining qatl etilish vaqti va joyini Hegset belgilaydi. U 13 kishini o‘ldirdi va yana 32 kishini yaraladi. Nihoyat, Hasan uchun jazo kuni yetib keldi», — deya bildirdi.

Fort-Hud fojiasi va 13 yil kutilgan jazo

Kelib chiqishi falastinlik bo‘lgan AQSH fuqarosi, armiya mayori va harbiy psixiatr Nidal Hasan 2009 yilning noyabrida AQSH tarixidagi eng dahshatli harbiy ichki hujumlardan birini amalga oshirgan edi:

  • Qurolsiz askarlarga qirg‘in: Hasan bazada Afg‘onistonga jo‘natilish oldidan tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun navbatda turgan qurolsiz safdoshlariga qarata to‘satdan o‘t ochgan. Keyinchalik u bu harakatini «noqonuniy urushda» ishtirok etmoqchi bo‘lgan askarlarga qarshi kurash deb atagan;

  • Falajlik va sud: Politsiya bilan otishmada og‘ir yaralangan Hasan belidan pasti falaj bo‘lib, shu kungacha nogironlar aravachasida yuradi. 2013 yilda harbiy tribunal uni 13 nafar odamni qasddan o‘ldirish va yana 32 kishining hayotiga suiqasd qilishda aybdor deb topib, o‘lim jazosiga hukm qilgan.

AQSH harbiy qonunchiligiga ko‘ra, armiya xizmatchisiga chiqarilgan har qanday o‘lim hukmi faqat mamlakat Prezidentining shaxsiy imzosi bilan kuchga kiradi yoki yengillashtirilishi mumkin.

Tarixiy parallel: 1945 yilgi Slovik va 1961 yilgi oxirgi qatl

Agar Tramp tasdiqlagan hukm amalga oshirilsa, bu AQSH armiyasida 1945 yildan beri amalga oshirilgan ilk otib o‘ldirish holati bo‘ladi:

  • Eddi Slovik ishi (1945 yil): Amerika armiyasida otib qatl etilgan so‘nggi harbiy Eddi Slovik bo‘lib, u 1945 yil yanvarida Fransiyada qochqinlikda ayblanib otib tashlangan. Ikkinchi jahon urushi davridagi 50 ming qochqin harbiy orasidan faqat Slovik general Eyzenxauer buyrug‘i bilan boshqalarga ibrat sifatida qatl etilgan. Jurnalist Charlz Glassning yozishicha, Slovik aslida yomon askar bo‘lmagan, shunchaki qo‘rquvdan taslim bo‘lgan, uning oilasiga esa haqiqat yashirilib, eri frontda halok bo‘lgani aytilgan;

  • 1961 yildagi so‘nggi osish: Umuman olganda, AQSH harbiylari ustidan so‘nggi bor o‘lim hukmi 1961 yilda ijro etilgan bo‘lib, 11 yoshli qizni zo‘rlagan Jon Bennet osib o‘ldirilgan edi.

Shu tariqa, oradan 60 yildan ko‘proq vaqt o‘tib AQSH harbiy tribunali chiqargan o‘lim jazosining ijrosi yana kun tartibiga qaytdi. Tahlilchilar ushbu qaror nafaqat jinoyat uchun jazo muqarrarligini, balki Tramp ma’muriyatining harbiy intizom va xavfsizlik bo‘yicha keskin siyosiy pozitsiyasini ham ko‘rsatishini qayd etmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar