Oyda tunni o‘tkazish qancha turadi? Narxi 10 million dollardan oshadi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- GRU Space nomli startap 2032-yilga qadar dunyodagi birinchi Oy mehmonxonasini ochishni rejalashtirmoqda va hozirdanoq sayyohlardan 1 million dollargacha dastlabki to‘lovlarni qabul qilmoqda.
- Loyiha amalga oshsa, mehmonxona xonalarining yakuniy narxi 10 million dollardan oshishi mumkin, ammo mijozlar bu mablag‘ni bir yo‘la to‘lashlari shart emas.
Kaliforniyadagi startap Oyda qurilishi rejalashtirilayotgan mehmonxonada birinchi bo‘lib yashashni istagan sayyohlardan 1 million dollargacha bo‘lgan dastlabki to‘lovlarni qabul qilishni boshladi. Loyiha amalga oshsa, insonlar tarixda ilk bor Oy yuzasidagi mehmonxonada dam olish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.
21 yoshli Skayler Chan asos solgan GRU Space startapi 2032 yilgacha dunyodagi birinchi Oy mehmonxonasini ochishni rejalashtirmoqda. Kompaniya hozirdanoq kosmosga qiziquvchi va katta mablag‘ sarflashga tayyor bo‘lgan mijozlardan buyurtmalar uchun dastlabki to‘lovlarni qabul qilmoqda.
Mehmonxonadagi xonalarning yakuniy narxi hozircha aniq emas. Biroq Channing aytishicha, har bir xona qiymati 10 million dollardan oshishi mumkin. Shu bilan birga, mijozlar bu mablag‘ni bir yo‘la to‘lashlari shart emas. Tanlangan xizmatlar va shartlarga qarab, kompaniya 250 ming dollardan 1 million dollargacha oldindan to‘lov qabul qilmoqda.
Oyda mehmonxona qurishni rejalashtirayotgan kompaniyalar avval ham bo‘lgan. Biroq GRU Space loyihasining o‘ziga xos jihati qurilishni amalga oshirish usuli bilan bog‘liq. Kompaniya Yerdan Oyga qurilish materiallari va og‘ir texnikalarni tashish o‘rniga, robotlashtirilgan tizimlardan foydalanishni rejalashtirmoqda. Ushbu robotlar Oy tuprog‘idan mustahkam bloklar tayyorlab, ularni birlashtirish orqali Oyning og‘ir va murakkab sharoitlariga chidamli inshootlar barpo etishi kerak.
Loyiha bo‘yicha qurilish ishlarini 2029 yilda boshlash ko‘zda tutilgan. Biroq bu jarayon tegishli idoralarning ruxsatlari olinishiga bog‘liq.

«Biz insonlar hayotimiz davomida Yerdan tashqarida ham yashash imkoniyatiga ega bo‘lishimiz mumkin bo‘lgan muhim tarixiy davrda yashayapmiz. Agar maqsadimizga erishsak, Oy va Marsda milliardlab insonlar dunyoga kelib, u yerdagi hayotning go‘zalligini his qilishlari mumkin», — dedi GRU Space asoschisi o‘z bayonotida.
Kompaniyaning Yerdan tashqaridagi birinchi doimiy inshootni barpo etish maqsadi hozircha xayoliy rejadek tuyulishi mumkin. Biroq Skayler Chan oddiy startap asoschilaridan farq qiladi. U bolaligidan kosmosga katta qiziqish bildirib kelgan va o‘z hayotini shu orzusi yo‘liga bag‘ishlagan.
Chan o‘smirlik davrining o‘zidayoq Harbiy-havo kuchlari uchuvchisi bo‘lish uchun tayyorgarlik ko‘ra boshlagan. Shuningdek, u NASA ko‘magida ishlab chiqilgan va kosmosga yuborilgan 3D-bosib chiqarish tajribasini yaratishda ishtirok etgan. Keyinchalik Berkli universitetini tamomlashidan oldin ham o‘zining ilmiy-texnik loyihalari ustida ishlashni davom ettirgan.
O‘tgan yili esa Chan startaplarni qo‘llab-quvvatlovchi mashhur Y Combinator dasturiga qabul qilindi. Ushbu akselerator tarixida kosmos sohasida faoliyat yurituvchi eng yosh mustaqil asoschilardan biriga aylandi.
Agar GRU Space rejalari amalga oshsa, Oyda mehmonxona qurish g‘oyasi fantastikadan haqiqiy loyihaga aylanishi mumkin. Biroq uning qachon ishga tushishi, xonalarning yakuniy narxi va sayyohlarni Oyga yetkazish imkoniyatlari hali ko‘plab texnik va tashkiliy masalalar hal etilishiga bog‘liq.






























Izohlar 0
…