AQSHda kuchli jala: aholi evakuatsiya qilinmoqda, bir kishi halok bo‘ldi

AQSHning bir qator shtatlarida kuchli yomg‘irlar oqibatida suv toshqinlari yuzaga keldi. Ayrim hududlarda aholi xavfsiz joylarga ko‘chirilmoqda, ko‘chalar va turar joylarni suv bosgan.
ABC News xabariga ko‘ra, 30 oktyabrdan boshlab Nevada, Arizona va Kolorado shtatlarida kuchli jala yog‘ishi kuzatilgan. Las-Vegas shahri va uning atrofidagi hududlarda yo‘llarni suv bosib, ko‘plab avtomobillar kuchli suv oqimida qolgan. Henderson shahrida qutqaruvchilar bir necha kishiga yordam ko‘rsatgan. Ulardan biri keyinchalik shifoxonada vafot etgan.
Arizona shtatida ham vaziyat murakkablashgan. Sedona shahri va boshqa hududlarda suv toshqini xavfi sababli aholini evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelgan. Kolorado shtatida esa daryolardagi suv sathi xavfli darajaga ko‘tarilib, ayrim avtomobil yo‘llari harakatlanish uchun yopilgan.
Bundan tashqari, Yuta va Nyu-Meksiko shtatlarida ham suv toshqini xavfi yuzasidan ogohlantirishlar e’lon qilingan.
Meteorologlar kuchli yog‘ingarchilikni mintaqaga kirib kelgan nam havo oqimlari hamda avvalgi yomg‘irlar sabab tuproqning suvga to‘yingani bilan izohlamoqda. Ayrim hududlarda yog‘ingarchilik davom etishi kutilmoqda.































Izohlar 0
…