O‘zbekistonga xorijdan kelgan pul miqdori ma’lum bo‘ldi

O‘zbekistonga xorijdan kelgan pul miqdori ma’lum bo‘ldi

2026 yilning yanvar-sentyabr oylarida xalqaro pul o‘tkazmalari orqali O‘zbekistonga 15,2 mlrd dollar mablag‘ kelib tushdi. Shu davrda mamlakatdan xorijga 2 mlrd dollar yuborilgan. Natijada pul o‘tkazmalari bo‘yicha 13,2 mlrd dollarlik ijobiy saldo shakllangan. Bu haqda Markaziy bankning ichki valyuta bozori sharhida ma’lum qilindi.

Hisobot davrida O‘zbekistonda xorijiy valyutaga bo‘lgan jami talab 50,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2025 yilning shu davriga nisbatan 17,9 foiz ko‘p. Ichki bozorda Markaziy bank operatsiyalarini hisobga olmaganda, xorijiy valyuta taklifi 43,8 mlrd dollarga yetib, bir yil ichida 25,3 foizga oshgan.

Yuridik shaxslar tomonidan xorijiy valyutaga talab 15,3 foizga, uning taklifi esa 26,7 foizga ko‘paygan.

Shuningdek, eksportdan tushgan mablag‘larning 9,5 mlrd dollari yoki 57,2 foizi ichki valyuta bozorida sotilgan. Bu o‘tgan yilning mos davridagidan 33 foizga, ya’ni qariyb 2,4 mlrd dollarga ko‘p.

Aholi esa tijorat banklariga 18,9 mlrd dollar miqdoridagi xorijiy valyutani sotgan. Ushbu ko‘rsatkich 2025 yilning dastlabki to‘qqiz oyidagi 15,3 mlrd dollarga nisbatan 1,2 baravar yuqori.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-sentyabr oylarida so‘mning AQSH dollariga nisbatan kursi 11 765–12 320 so‘m oralig‘ida o‘zgargan. Sentyabr oyi yakunida bir dollar 11 821 so‘mni tashkil etgan. Bu yil boshidagi ko‘rsatkichga nisbatan so‘mning 1,5 foizga mustahkamlanganini anglatadi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar