Samarqanddagi dahshatli voqea: tiriklayin ko‘milgan erkak 28 kunlik komadan so‘ng vafot etdi

Samarqand viloyatining Payariq tumanida bir guruh shaxslar tomonidan ayovsiz kaltaklanib, tiriklayin ko‘mib yuborilgan 32 yoshli erkak shifoxonada 28 kun davomida koma holatida yotganidan so‘ng hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda «Millar» dasturida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, Sherbek ismli erkak tanishi bilan oshxonadan chiqib, uyiga qaytayotganida ularning yo‘lini oq rangli Spark avtomobili to‘sib qo‘ygan. Mashinadan tushgan shaxslar Sherbekning boshiga armatura bilan urgan, uning yonidagi tanishini ham kaltaklagan.
Shundan so‘ng og‘ir tan jarohatlari olgan erkak majburan avtomobilga o‘tqazilib, aholi yashamaydigan hududga olib borilgan. U mahalla markazidan qariyb uch kilometr uzoqlikdagi joyda, tuproq ostidan og‘ir ahvolda topilgan.
Jabrlanuvchining akasi ukasiga armatura va beton bo‘laklari bilan zarba berilganini, hatto sim bilan bo‘g‘ishga ham urinishganini aytgan. Shifoxonada erkakning o‘pkasidan uch litrdan ortiq qon chiqarib olingan.
Sherbek vafot etganidan so‘ng jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan qayta malakalangan.
Hozirda gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan holat yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Hujumga sabab bo‘lgan mojaroning tafsilotlari hozircha ochiqlanmagan.































Izohlar 0
…