Isroil qamog‘ida oilasi halok bo‘lganiga ishontirilgan falastinlik jurnalist oilasi bilan uchrashdi (video)

G‘azodagi «Shifo» shifoxonasida ishlayotgan vaqtida hibsga olingan falastinlik fotojurnalist Shodiy Abu Sido qariyb 19 oylik qamoqdan so‘ng ozodlikka chiqdi. U qamoqda bo‘lganida rafiqasi va ikki farzandi halok bo‘lgani haqida bir necha bor xabar berilgani sababli oylar davomida oilasidan ayrilganiga ishonib yashagan. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Jurnalist 2024 yil 18 mart kuni Isroil kuchlari tomonidan «Shifo» shifoxonasida hibsga olingan. Uning aytishicha, qamoqxona qorovullari rafiqasi va farzandlari G‘azodagi bombardimonlar oqibatida halok bo‘lganini bir necha marta aytgan.
Shodiy Abu Sido 2025 yil 13 oktyabr kuni Isroil va HAMAS o‘rtasidagi sulh kelishuvi doirasida ozod qilingan. G‘azoga qaytgach, u rafiqasi Hanoa Bahlul va ikki farzandi tirik ekanini ko‘rib, qattiq hayajonga tushgan.
Jurnalistning rafiqasi uni ko‘rish uchun yugurib kelgan. Abu Sido esa yaqinlarini bag‘riga bosib, farzandlarining yuzlaridan qayta-qayta o‘pgan. Uning oilasi bilan qayta ko‘rishgan lahzalari aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab insonlarning e’tiborini tortdi.
«Farzandlarimning ovozini eshitdim. Ularning tirikligini ko‘rib, hayratdan o‘zimni yo‘qotdim», — deya hikoya qilgan jurnalist.






























Izohlar 0
…