Toshkentda gashishli pechene va marmelad tayyorlangan yashirin laboratoriya aniqlandi

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida gashish moyi qo‘shilgan shirinliklar tayyorlangan yashirin narkolaboratoriya aniqlandi. Tezkor tadbir davomida narkotik moddalar savdosiga aloqadorlikda gumonlangan ikki nafar fuqaro qo‘lga olindi.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, tezkor tadbir dastlab Yashnobod tumanida internet orqali faoliyat yuritgan narkodo‘kon kuryerining qo‘lga olinishi bilan boshlangan. Undan tarqatish uchun mo‘ljallangan 58 ta o‘ramdagi 74 gramm gashish moyi topilgan.
Surishtiruv davomida u taqiqlangan moddalarni muntazam ravishda boshqa bir shaxsdan olib turgani aniqlangan. Shundan so‘ng tezkor tadbir Chilonzor tumanidagi «Do‘mbirobod» mahallasida davom ettirilgan. Ijaraga olingan xonadonlardan birida yashirin narkolaboratoriya tashkil etilgani ma’lum bo‘lgan.
Xonadonni ko‘zdan kechirish jarayonida 3,5 kilogramm gashish moyi, tarqatishga tayyorlangan 361 ta o‘ramdagi 350 gramm gashish moyi, 600 gramm gashish hamda gashish moyi aralashmasi aniqlangan.
Shuningdek, laboratoriyadan 1,5 kilogramm gashish moyidan tayyorlangan pechenelar, ushbu modda qo‘shilgan to‘rt quti marmelad va giyohvandlik vositalarini tayyorlash hamda qadoqlashda foydalaniladigan turli jihozlar olib qo‘yilgan.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, tezkor tadbirlar natijasida jami qariyb 6 kilogramm giyohvandlik vositasi, ya’ni 19 250 dozaga teng taqiqlangan modda noqonuniy muomaladan olingan.
Holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.






























Izohlar 0
…