Efiopiyada buqa va eshak o‘rtasidagi noodatiy yaqinlik olimlar e’tiborini tortdi

Efiopiyada buqa va eshak o‘rtasidagi noodatiy yaqinlik olimlar e’tiborini tortdi

Efiopiyada tadqiqotchilar bir-biriga o‘zgacha munosabatda bo‘ladigan buqa va eshakni kuzatishdi. Olimlarning ta’kidlashicha, ushbu holat hayvonlar o‘rtasidagi ijtimoiy aloqalar va xatti-harakatlar kutilganidan ancha murakkab bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Piza universiteti olimlari Andre Beyrao da Kruz va Martina Franchesko ekspeditsiya davomida Axilles laqabli buqa hamda Patrokl nomli erkak eshakning noodatiy munosabatiga guvoh bo‘lishgan.

Aniqlanishicha, ikki hayvon turli egalarga qarashli bo‘lishiga qaramay, ko‘pincha bir yaylovda birga o‘tlagan. Tadqiqotchilar ularni sakkiz kun davomida kuzatib, buqaning eshak ustiga minib olishi bilan bog‘liq 51 ta holatni qayd etishgan.

Bundan tashqari, hayvonlar bir-birini yalash, tanasiga ishqalanish va tumshuqlari bilan tegish kabi yaqinlik belgilarini ham namoyon qilgan. Qizig‘i, bunday xatti-harakatlar buqaning eshak ustiga chiqishidan oldin ham, keyin ham kuzatilgan.

Olimlar hayvonlarga qadimgi yunon mifologiyasidagi Axilles va Patrokl qahramonlari nomini berishgan. Ularning o‘rtasidagi yaqin munosabatlar ayrim talqinlarda romantik aloqa sifatida ham izohlanadi.

Tadqiqotchilarning fikricha, buqa va eshak o‘rtasidagi holatni faqat jinsiy xatti-harakat bilan izohlash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Hayvonlarning bir-birini muntazam izlagani va o‘zaro yaqinlik ko‘rsatgani ular o‘rtasida alohida ijtimoiy bog‘liqlik shakllangan bo‘lishi mumkinligini anglatadi.

Shu bilan birga, olimlar hayvonlarning ichki kechinmalarini aniq bilish yoki bunday munosabatning asl sababini qat’iy belgilash hozircha imkonsizligini qayd etishmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar