17:20 / 07.05.2020
2 658

Qozog‘istonda suv toshqinidan jabrlanganlarga 100 ming tengedan kompensatsiya to‘lanadi

Qozog‘istonda suv toshqinidan jabrlanganlarga 100 ming tengedan kompensatsiya to‘lanadi
Foto: Qozog‘iston bosh vaziri matbuot xizmati
O‘zbekistonning «Sardoba» suv omboridagi texnogen ofat oqibatida yuz bergan toshqindan jabrlangan Qozog‘istonning har bir fuqarosiga 100 ming tengedan (240 dollarga yaqin) kompensatsiya to‘lanadi. Bu haqda Qozog‘iston bosh vaziri matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xabar qilinishicha, 6 may kuni Turkiston viloyatining Maqtaaral tumanidagi suv ostida qolgan hududga Qozog‘iston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Roman Sklyar rahbarligidagi hukumat komissiyasi a’zolari tashrif buyurgan.

Komissiya a’zolari suv toshqini yuz bergan hududlarni havodan ko‘zdan kechirgan. Bunda ularga Turkiston viloyati hokimi Umrzoq Shukeyev va o‘zbekistonlik hamkasblar ham hamrohlik qilgan.

Foto: Qozog‘iston bosh vaziri matbuot xizmati
Shundan so‘ng komissiya Orgebas va Firdavsiy qishloqlariga yo‘l olgan.
«Bir vaqtning o‘zida Maqtaaral tumaniga O‘zbekistondan 100dan ortiq maxsus texnika (zanjirli va g‘ildirakli traktorlar, motopompa bilan jihozlangan o‘t o‘chirish mashinalari) va 200dan ortiq gidrotexnika mutaxassislari yetib keldi», – deyiladi xabarda.

Qozoq hukumati komissiyasi suv ostida qolgan qishloqlardagi vaziyat bilan tanishgach, bosh vazir o‘rinbosari Roman Sklyar va viloyat hokimi Umrzoq Shukeyev suv toshqinidan jabrlangan aholi bilan uchrashgan.

Uchrashuvda oqsoqollar bergan takliflar eshitilgan, so‘ng komissiya Mirzakentga yo‘l olib, shtab yig‘ilishini o‘tkazgan.
«Turkiston viloyati rahbari taklifiga ko‘ra, suv ostida qolgan har bir qishloq aholisiga 100 ming tenge ($240ga yaqin) kompensatsiya to‘lash haqida qaror qabul qilindi.

Mirzakent yaqinida yangi mikrorayon barpo qilinadigan bo‘ldi. U yerga Do‘stiq, Janaturmis va Jenis qishloqlari aholisi ko‘chiriladi. Mikrorayon barcha kommunikatsiya vositalariga ulanadi, bolalar bog‘chasi va maktab quriladi
», – deyiladi Qozog‘iston bosh vaziri matbuot xizmati xabarida.

Foto: Qozog‘iston bosh vaziri matbuot xizmati
Qo‘shimcha qilinishicha, Orgebas va Firdavsiy qishloqlari aholisiga turar joy muammosini hal qilish uchun uchta variant taklif qilinadi:
- boshqa aholi punktlariga ko‘chib o‘tish (yangi uy qurib berish sharti bilan);
- uy-joyini tiklab berish;
- uy-joyini qurish va ta’mirlash uchun sarflangan xarajatni kompensatsiya qilish.

Suv toshqinidan jabrlangan aholi qishloq yig‘inlarida bu takliflar bo‘yicha o‘z qarorini ma’lum qilishi kerak bo‘ladi.

Foto: Qozog‘iston bosh vaziri matbuot xizmati
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlari, chorva va parrandalar kompensatsiyasi masalasi ham hal qilindi. Komissiya taftishiga asosan aniqlangan barcha zarar hukumat zaxiralaridan to‘lab beriladi.

Bundan tashqari, fermerlarning qishloq xo‘jaligi kreditlarini qaytirish muddati uzaytiriladi. Qishloq xo‘jaligi yerlarini tiklash va bu yil qaysi ekinlarni ekish bo‘yicha Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning qoshidagi Ilmiy izlanish instituti tavsiyalar beradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qozog‘istonda suv toshqinidan jabrlanganlarga 100 ming tengedan kompensatsiya to‘lanadi