13:10 / 23.08.2020
2 467

Lixtenshteyn hozirgi hududidan 10 baravar katta yerlarni qaytarib olmoqchi

Lixtenshteyn hozirgi hududidan 10 baravar katta yerlarni qaytarib olmoqchi
Foto: «Pravda.com.ua»
Yevropa markazida joylashgan mitti davlat Lixtenshteyn Chexiyaga o‘tib ketgan yerlarini qaytarib olmoqchi, tegishli hujjatlar Yevropa inson huquqlari bo‘yicha sudiga taqdim etilgan. Bu haqda «Financial Times» yozmoqda.

Mamlakat Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Benesh dekretlari asosida (ularda Lixtenshteyn hukumati natsizm bilan hamkorlikda ayblangan) Chexoslovakiya musodara qilib olgan yerlarini qaytarib olmoqchi.

Knyazlik tashqi ishlar vaziri Katrin Eggenberger ta’kidlashicha, ushbu hudud anneksiyasi hanuzgacha mamlakat mustaqilligi va suverenitetiga soya tashlab turgan, yechimini topmagan jiddiy muammo sanaladi. Eggenbergerga ko‘ra, mamlakat qancha kichik bo‘lsa o‘z manfaatlarini himoya qilishi shunchalik muhim, badalsiz musodara esa hech bir qolipga sig‘maydi.

Chexiya tashqi ishlar vaziri Martin Smolek o‘z hamkasbiga quyidagi mazmunda javob qaytardi: Yevropa inson huquqlari bo‘yicha sudi bu arzni qabul qilishi mumkinmas, chunki voqealar Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasi shakllanguniga qadar bo‘lib o‘tgan, qolaversa, Sud ilgari bu yo‘sindagi ishlarni ko‘rib chiqmagan.

Chexiya va Lixtenshteyn o‘rtasidagi hududiy mojaro boshlanganiga 70 yildan oshdi.

Lixtenshteyn 2 ming kvadrat kilometrdan ziyodroq hududni qaytarib berishni so‘ramoqda. Bu hududda Valtitse qarorgohi va Lednitse neogotik qasrlari joylashgan — ob’ektlar YUNЕSKO himoyasiga olingan. Har ikki mamlakat diplomatik aloqalarni faqat 2009 yilga kelib tiklashga muvaffaq bo‘lishdi.

Valtitse-Lednitse manzaralari. Foto: «Kuku Travel»
Lixtenshteyn Yevropadagi eng kichik mamlakatlardan biri:
Kipr — 9250 kv. km
Luksemburg — 2586 kv. km
Andorra — 468 kv. km
Malta — 316 kv. km
Lixtenshteyn — 160 kv. km
San-Marino — 61,2 kv. km
Gibraltar — 6,5 kv. km
Monako — 1,95 kv. km
Vatikan — 0,44 kv. km.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Lixtenshteyn hozirgi hududidan 10 baravar katta yerlarni qaytarib olmoqchi