16:38 / 12.01.2021
3 874

Rossiyalik bloger Ilya Varlamov Andijondagi «samosud»dan keyin O‘zbekistonga kelish fikridan qaytdi (video)

Rossiyalik bloger Ilya Varlamov Andijondagi «samosud»dan keyin O‘zbekistonga kelish fikridan qaytdi (video)
Kadr: YouTube
Rossiyalik taniqli bloger Ilya Varlamov Andijonda sodir bo‘lgan «samosud»dan keyin O‘zbekistonga kelish fikridan qaytdi. Bu haqda u o‘zining Ugandaga bag‘ishlangan videoblogida ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Andijon viloyatida yo‘l-transport qoidalarini buzgan haydovchilarni videoga olganlikda gumon qilingan erkak «samosud» qilingan edi. Uning o‘zi esa shunchaki bozordagi narxlarni rasmga olayotganini ta’kidlagan. Keyinroq «samosud»da ishtirok etgan besh nafar fuqaro jamoat joyida turli haqoratli so‘zlar bilan baqir-chaqir qilganligi uchun har biri BHMning 3 baravari miqdorida jarimaga tortilgan.

Bloger ushbu vaziyatga izoh berib, bahorda, koronavirusga bog‘liq vaziyat barqarorlashganidan so‘ng O‘zbekistonga amalga oshirmoqchi bo‘lgan tashrifidan qo‘rqayotganini ma’lum qilgan.

«Men qo‘rqyapman, Andijonda yukxonaga tiqishlarini istamagan bo‘lardim. To‘g‘risini aytganda, O‘zbekistonga borsam, yukxonaga tiqib, daraxtga bog‘lab qo‘yishlaridan biroz xavotirdaman», — deya hazillashadi Varlamov.

Bloger Ugandani misol qilib ko‘rsatgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u qishloq markazida yuzlab odamlar qurshovida video suratga olgan va hech kim unga e’tibor ham qaratmagan, tajovuzkorlik ko‘rsatmagan.

Shu bilan birga, Varlamov yo‘l-harakati qoidalarining buzilganini qayd etib, yuborganlar uchun to‘lanayotgan mukofot tizimini maqtagan.
«Qoidalar buzilishini jo‘natganlik uchun mukofot olish tizimi — juda yaxshi. Umid qilamanki bizda ham (Rossiyada — tahr.) qachondir ishlashni boshlaydi», — deydi u.

Avvalroq Varlamov o‘z blogida 2010 yilning aprelida «Yo‘l qaydlari. Uchinchi kun, biz qanday qilib O‘zbekistonga yetib oldik?» sarlavhasi ostida post e’lon qilgan edi. Bloger unda Qozog‘istondan O‘zbekistonga chegaradan qanday qilib o‘tgani, O‘zbekiston chegara postlari 8 soatgina ishlashi, chegaradan o‘tayotganda barcha texnikalar va pullarni deklaratsiyaga kiritish lozimligi haqida yozgan. Shuningdek, u o‘zbekistonlik chegarachilar fotoapparatining flesh-xotirasidagi suratlarni tekshirganini ham qayd etib o‘tgan.

O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi bunga munosabat bildirib, Ilya Varlamov so‘nggi 5 yilda O‘zbekiston—Qozog‘iston chegarasidagi avtomobil o‘tkazish punktlari orqali umuman harakatlanmaganini va boshqa ma’lumotlarni oshkor qilgan.

Varlamov Davlat bojxona qo‘mitasining ushbu xatti-harkatiga javoban «Rossiya fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari va safari tafsilotlarini oshkor etishni to‘xtatishni taklif qilgan».

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyalik bloger Ilya Varlamov Andijondagi «samosud»dan keyin O‘zbekistonga kelish fikridan qaytdi (video)